O‘zbekistonda raqamli rivojlanishni jadallashtirish bo‘yicha «Huawei Accelerate» konferensiyalari Toshkent va Andijonda bo‘lib o‘tdi

2025-yilning 26–28 avgust kunlari Huawei va ABRIS Distribution kompaniyalari hamkorligida Toshkent va Andijon shaharlarida bir qator Huawei Accelerate eksklyuziv tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirlar Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda turli ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ega sektorlarning raqamli transformatsiyasini jadallashtirishga qaratilgan mintaqaviy roud-shousining bir qismidir. O‘zbekistonda asosiy e’tibor ta’lim, mehmonxona biznesi, qurilish va ko‘chmas mulk, chakana savdo kabi sohalarda hamkorlar hamda mizojlarning raqamli imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori o‘rinbosari janob Toni Yan o‘zining kirish nutqida kompaniya sanoat ssenariylariga intellektual texnologiyalarni olib kirish orqali raqamli transformatsiya jarayonini tezlashtirish, tashkilotlarga rivojlanish va biznes imkoniyatlarini kengaytirishda yordam berishga intilayotganini ta’kidladi.
«Intellektual texnologiyalar davriga qadam qo‘yayotganimizda, yuqori tezlikdagi ma’lumotlar tarmoqlari, bulutli xizmatlar va sun’iy intellekt kabi yechimlar kundalik faoliyatning asosi va yangi imkoniyatlar kalitiga aylanmoqda. Tadbirimiz hamkorlarni birlashtirish va turli sohalarda barqaror innovatsiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash uchun ekotizimni shakllantirishga qaratilgan. Innovatsiyalarni birgalikda amalga oshirish, o‘z navbatida, turli sohalardagi mijozlarning rivojlanishiga va maqsadlariga erishishida yordam beradi», — dedi Toni Yan.
ABRIS Distribution korporativ segmentni, iqtisodiyotning turli sohalaridagi tashkilotlarni va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni raqamli o‘zgartirish bo‘yicha Huawei kompaniyasining strategik hamkori hisoblanadi.
«ABRIS Distribution O‘zbekiston bozoriga kirib kelganiga 30 yildan oshdi, kompaniya faoliyat yuritayotgan mamlakatlar soni 12 ga yetdi. Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikning o‘tgan 10 yilida ta’lim, tibbiyot, turizm, qurilish, aloqa va boshqa sohalarda ko‘plab ijtimoiy va iqtisodiy muhim loyihalar amalga oshirildi. Biz birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan axborot texnologiyalari rivojiga hissa qo‘shamiz va O‘zbekistonning raqamli kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratamiz», — dedi ABRIS Distribution kompaniyasining biznesni rivojlantirish menejeri Damir Xudayberganov.
Masalan, Wi-Fi 7 kabi yechimlar mehmonxona hamda tijoriy ko‘chmas mulk sohalari ish jarayonlarini soddalashtirib, mehmonlar va tashrif buyuruvchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishda yordam beradi. Shuningdek, ulanish qurilmalari va foydalanuvchilar sonining ko‘payishini hisobga olgan holda, qurilishning murakkabligi va ko‘lamidan qat’i nazar, hamma joyni qamrab olib, yuqori o‘tkazuvchanlikni ta’minlaydi.
Bundan tashqari, ko‘chmas mulk obyektlarini operatsion monitoring qilish va boshqarish uchun Huawei yechimlariga asoslangan aqlli platformalar ekspluatatsiya va texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirish va ularning energiya samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Ta’lim sohasidagi intellektual innovatsiyalar tadqiqot faoliyatini rag‘batlantiradigan, ta’lim sifatini oshiradigan va ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilari uchun qulay muhit yaratadigan intellektual ta’lim ekotizimlarini shakllantirib, raqamlashtirishning yangi bosqichiga o‘tish imkonini beradi:
- «Aqlli» kampuslar uchun intellektual raqamli platformaning ishga tushirilishi qulay, xavfsiz va innovatsion ta’lim muhitini yaratishga mo‘ljallangan videokuzatuv tizimlari, intellektual kirish nazorati, «aqlli» yoritish va energiya boshqaruvi kabi zamonaviy AKT texnologiyalarini birlashtiradi;
- Yuqori tezlikdagi Wi-Fi 6/7 tarmoqlari hamda bulutli yechimlar va aqlli boshqaruv tizimlari uyg‘unlikda talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqot markazlarining ishonchli ulanishini ta’minlaydi;
- Interaktiv darslar va VR/AR laboratoriyalari asosida gibrid ta’limni tashkil etish uchun imkoniyatlar ochiladi;
- Ideahub intellektual doskalari ta’lim qiziqarliligini oshirish va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.
O‘zbekistonda 25 yillik tajribaga ega Huawei AKT sohasining faol ishtirokchisi sifatida har yili mahalliy mutaxassislar va ekspertlarning ilg‘or texnologiyalardan xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazadi. Huawei Accelerate konferensiyalari Toshkent va Andijondagi hamkorlar va mijozlarning 170 dan ortiq vakillarini birlashtirib, ularni biznes tuzilmasini o‘zgartirishi va xizmatlarini yangi intellektual darajaga olib chiqishi mumkin bo‘lgan so‘nggi tendensiyalar, muvaffaqiyatli loyihalar va aqlli yechimlar bilan tanishtirdi. 2025-yil 21-avgust kuni O‘zbekiston moliya-bank sektori uchun ham o‘quv-axborot anjumani o‘tkazildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter