Panasonic televizorlar chiqarishni to‘xtatishi mumkin

Panasonic kompaniyasining prezidenti Yuki Kusumi moliyaviy hisobot doirasida bayonot berishicha, kompaniya televizorlar bozorini tark etish va bu yo‘nalishni sotish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda TechRadar xabar berdi.
Agar zarur bo‘lsa, Panasonic ushbu biznesini sotib olish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor, biroq hozircha aniq reja yo‘q, qo‘shimcha qildi Kusumi.
Yaponiya kompaniyasini o‘ylantirayotgan masala — raqobatning yuqoriligi. Kompaniya suyuq-kristall ekranli arzon televizorlar ommalashib, plazmali ekranlarga talab pasayib ketganidan so‘ng 2016-yilda AQSh iste’mol bozorini tark etgandi. Garchi keyin yana qaytsa ham avvalgi mavqeini tiklay olmadi.
Panasonic OLED-televizorlari ranglarni o‘ta aniq va tiniq aks ettirishi hamda yuqori texnologiyalari bilan ajralib turadi. Biroq LG, Sony va Samsung singari raqobatchilar ham bu sohada yuqori cho‘qqilarni zabt etgan.
Mish-mishlarga qaraganda, Panasonic kompaniyasining televizorlar biznesini sotib olish uchun hozircha jiddiy xaridor chiqqani yo‘q. Shu bois kompaniya rahbariyati qo‘shimcha tarzda maishiy texnika, sanoat uskunalari, mexatron tizimlar kabi boshqa yo‘nalishlarini ham sotuvga qo‘yishi kutilyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter