Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov: «Bu to‘rt yil oldin hech kimning xayoliga kelmagan narsa» (video)

Sherzod Shermatov: «Bu to‘rt yil oldin hech kimning xayoliga kelmagan narsa» (video)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

«Davlatimiz rahbariga O‘zbekistonda zamonaviy axborot texnologiyalarini rivojlantirishning asosiy ustuvor vazifalari, oldimizda turgan rejalar bo‘yicha batafsil taqdimot qilindi», – deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov.

AKT vazirining qayd etishicha, bundan 4 yarim yil oldin Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda «ayti» kompaniyalar uchun alohida rejim yaratilgan va IT-park rezidentlari tomonidan axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga imkoniyat ochib berilgan edi.

«Shuning natijasida qisqa vaqt ichida IT-park rezidentlarining eksporti ellik baravardan ko‘proqqa oshdi. Joriy yilda «ayti» xizmatlari eksporti 40 million dollar bo‘lishini kuzatib turibmiz. Bu to‘rt yil oldin hech kimning xayoliga kelmagan narsa. Endi buyog‘iga oldimizga yanada katta vazifalar qo‘yildiki, ya’ni imkoni boricha bu eksportni ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish. Hozir eksportimizning 75 foizi aynan AQSh bozoriga, ya’ni u yerdagi logistika xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lsa, endi sekin-sekin boshqa bozorlarga ham eksportni ko‘paytirib, yoshlarimizga qo‘shimcha ish o‘rni yaratish. Shu bolalarimiz o‘zining yurtida, o‘zining oilasi bag‘rida yashab, xuddi chet elda ishlaganday yaxshi daromadli sohaga ega bo‘lishadi», – ta’kidlaydi soha rahbari.

Sherzod Shermatovga ko‘ra, yana bir katta yo‘nalish – bu ma’lum bir xizmatlarni autsorsingga berish.

«Bu yo‘nalishda alohida bir matematik kuchli baza kerak emas. Yoki dasturlashni bilish talab etilmaydi. Chet tillarni bilsa, kompyuterdan foydalanuvchilar darajasida biladiganlar bo‘lsa, bemalol BPO kompaniyalarga ishga kirib, foydalanishi mumkin. Bizning endigi maqsadimiz – buning ko‘pchiligi Toshkent shahrida edi, endi BPO bozorini yoshlarimiz ko‘p bo‘lgan hududlarga ham olib kirib, u yerda yoshlarimizni o‘rgatib, shu orqali ishchi o‘rinni yaratish masalasi», – dedi vazir.

O‘zbekistonni o‘ziga yarasha «ayti» xizmatlar markaziga aylantirish ko‘zda tutilmoqda. Endi dasturlashni o‘rgangan yoshlarimiz bilan birdaniga bunga erishish qiyin. Shuning uchun, xorijdan O‘zbekistonga tajribali dasturchilarni olib kelib, ishlashiga qulaylik yaratib berish talab etiladi.

«Shuning uchun davlatimiz rahbari tomonidan ularni O‘zbekistonga olib kelish, katta tadbirlarni o‘tkazish yoki alohida «ayti» viza joriy etish masalalari bo‘yicha topshiriqlar berildi. Va bu ishlarni amalga oshirganimizdan keyin xorijda ishlab yurgan yuqori malakali dasturchi ham bemalol O‘zbekistonga kirib, ko‘proq yoshlarimizga ustozlik qilishiga imkoniyati bo‘ladi. Natijada yoshlarimiz o‘z malakasini oshirib boradi. Bundan tashqari, katta «ayti» kompaniyalarimiz uchun yanada qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmlari ko‘zda tutilyapti», – dedi Sh.Shermatov.

Ma’lum qilinishicha, davlatimiz rahbari tomonidan IT-parkdan tashqari soha oldiga juda katta vazifa qo‘yilgan. Bu elektron hukumat tizimini joriy etish va shu yo‘nalishdagi reytingda yuqoriga ko‘tarilish masalasi.

«Davlatimiz rahbariga axborot berdik shu haqda. Hamma rejalarimiz bo‘yicha to‘g‘ri yo‘nalishdagi vazifalarni oldik. Eng birinchilardan biri bu – infrastruktura komponenti, ya’ni qishloq joylargacha yuqori tezlikdagi internetni yetkazib borish dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. Uch yil davomida asosan ijtimoiy-siyosiy ob’yektlarga optik tola tortilishi bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Endi shu olib borilgan optik tolani o‘sha joylarda yashaydigan aholiga yetkazib berish qoldi. Buning uchun biz joylardagi portlar sonini kamida 1 milliontaga oshirishimiz kerak. Shunda kamida bir millionta qo‘shimcha abonentga xizmat ko‘rsatishga imkoniyat bo‘ladi», – dedi AKT vaziri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring