Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Telefon qo‘ng‘irog‘isiz tez tibbiy yordamni chaqirish mumkin bo‘ladi

Telefon qo‘ng‘irog‘isiz tez tibbiy yordamni chaqirish mumkin bo‘ladi

Foto: «Terabayt.uz»

«TezMed» loyihasi — tez tibbiy yordam boshqaruv tizimini avtomatlashtirish uchun innovatsion dasturiy ta’minot to‘plami. Bu mobil ilova aholidan kelib tushayotgan ma’lumotlarni qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularni avtomatik ravishda ustun tartibda belgilash va planshetlarning GPS navigatsiyasidan foydalanish orqali transportni boshqarish uchun mo‘ljallangan. Bu haqda «Terabayt.uz» xabar berdi.

Loyiha muallifi Madina Hamidovaning ma’lum qilishicha, ushbu xizmat tez tibbiy yordamga murojaat qilgan shaxslarning manzilini avtomatik ravishda qidirib topadi. Murojaatchilarning yoshini va chaqiruv sababini ko‘rsatgan holda, tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilmasdan turib, bepul tibbiy xizmat chaqiruvini qoldirish mumkin.

Bundan tashqari, ushbu dastur dori-darmonlar va tibbiy mahsulotlarning rekvizitlarini saqlab turadi. Aholining tez tibbiy yordam samaradorligini baholashni ham nazorat qiladi. Uning funksional imkoniyatlari juda ko‘p. Jumladan, shoshilinch tibbiy xizmatni qo‘ng‘iroqsiz, mobil ilova orqali chaqirishga va tez tibbiy yordamni kuzatishga, eng yaqin tez tibbiy yordamni chaqiruv manziliga yetib borishiga imkon beradi. Qisqa vaqt ichida tibbiy muassasalarning ma’lumotlar bazasidagi muhim aloqalarni topish va xodimlar bilan bevosita aloqada bo‘lish imkonini beradi.

«Texnik jihatdan, bu dastur «iOS» va «Android» amaliy tizimlariga mobil ilovani o‘rnatish orqali, shuningdek, haydovchining «Android» dasturini va tez yordam dispetcheri uchun ma’lumot boshqarish «veb-interfeysi»ini o‘z ichiga olgan tizim sifatida qo‘llaniladi», — dedi Madina Hamidova.

«TezMed» tizimidagi yangilik shifokorlar bemorlarning kasalliklari va mavjud allergiya holati haqida ma’lumot keltirilgan elektron tibbiy kartasidan foydalana oladi. Bunday ma’lumotlar shifokorlarga tez va to‘g‘ri tibbiy xulosa chiqarish hamda to‘g‘ri tashxis qo‘yishga yordam beradi. Bundan tashqari, dasturning o‘ziga xos xususiyati shundaki, qo‘ng‘iroqdan so‘ng siz tez yordam brigadasini kuzatishingiz, kelish vaqtini bilishingiz va tibbiy xizmatni baholashingiz mumkin.

«TezMed» tizimi yonilg‘i sarfini kamaytirish, kerakli statistikani olish, yolg‘on chaqiriqlarni aniqlash, favqulodda vaziyatlar, baxtsiz hodisalar va kasalliklar oqibatlarini bartaraf etishda yordam beradi. Endi dispetcherlar qog‘oz to‘ldirib ovora bo‘lishmaydi. Faqatgina kelib tushayotgan onlayn-chaqiruvlarni tasdiqlashadi, xolos. Bu orqali eng yaqin tez tibbiy xizmatini ham avtomatik ravishda aniqlash mumkin bo‘ladi.

Suratda: «TezMed» loyihasi muallifi Madina Hamidova.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, loyiha muallifi Madina Hamidova «International House-Tashkent» akademik litseyining uchinchi bosqichida o‘qiyapti. Bu loyiha ustida 2018-yil mart oyidan boshlab ish olib borgan. Bu innovatsiya O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘limi boshlig‘i tomonidan amaliyotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring