Xitoyda Starlinkning «qotili» taqdim etildi
Xitoylik olimlar tomonidan past orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar, jumladan, Starlink tizimi faoliyatini ishdan chiqarishga qodir dunyodagi ilk ixcham mikroto‘lqinli qurol (qurilma) taqdim etildi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi.
Siandagi Shimoli-g‘arbiy yadro texnologiyalari institutida ishlab chiqilgan ushbu tizim TPG1000Cs deb nomlandi va mutaxassislar tomonidan «Starlink qotili» deb ta’riflanmoqda.
TPG1000Cs yuqori quvvatli mikroto‘lqinli (HPM) qurol uchun yerdagi ixcham drayver bo‘lib, u 60 soniya davomida 20 GVt gacha quvvatga ega impulslar chiqara oladi. Xitoylik ekspertlarning baholashicha, past orbitada ishlaydigan Starlink sun’iy yo‘ldoshlari ishini jiddiy buzish yoki ularga zarar yetkazish uchun bor-yo‘g‘i 1 GVt quvvat kifoya qiladi. Yangi qurilma esa ko‘p karra ustun ko‘rsatkichga ega.
Qurilmaning uzunligi 4 metr atrofida, og‘irligi taxminan 5 tonna. Shu bois uni yuk mashinalari, harbiy kemalar, samolyotlar va hatto sun’iy yo‘ldoshlarga ham o‘rnatsa bo‘ladi. Hozirgacha chiqarilgan shunga o‘xshash tizimlar uzluksiz 3 soniyadan ortiq ishlay olmas va ancha qo‘pol edi. TPG1000Cs esa bir seansda bir necha mingta yuqori energiyali impuls berishga qodir va uzoq davom etgan sinovlarda barqarorligini isbotladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter