Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa haqida siz bilmagan 40ta fakt! (2-qism)

Yevropa haqida siz bilmagan 40ta fakt! (2-qism)

Karantin davri uyda turib ham jahondagi ko‘plab ajoyibotlardan bahramand bo‘lishga xalaqit bermaydi. «Xabar.uz»da Ko‘hna qit’a haqida qiziqarli ma’lumotlar berishni boshlagandik.

Quyida uning ikkinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.

Germaniya Yevropada eng ko‘p McDonald’s tarmoqlariga ega

Germaniyaliklar tez ovqatlanishni, xususan fast-fudlarni juda xush ko‘rishadi. Bu, o‘z navbatida, McDonald’s egalarini xursand etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, nemislar yurtida qariyb 1500 ga yaqin McDonald’s fast-fud tarmoqlari mavjud.

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Fransiya ikkinchi, Buyuk Britaniya uchinchi o‘rinni egallaydi.

Yelizaveta II Yevropada yagona monarx emas

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II Yevropada yagona monarx hisoblanmaydi. Inglizlar yurtidan tashqari qit’ada yana 10 ta davlat va knyazliklarda hanuzgacha monarxiyalar saqlanib qolgan.

Bular Andorra, Belgiya, Daniya, Monako, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shveysiya, Lixtenshteyn va Lyuksemburg mamlakatlaridir.

Daniya monarxiyasi qit’adagi eng qadimgi qirollik oilasi

935 yilda asos solingan Daniya monarxiyasi mamlakatni hozir ham ya’ni, 10 asrdan ortiq muddatdan beri boshqarib kelmoqda. Bugungi kunda, amaldagi qirolicha Margretey II ga qadar bu qirollik oilasi Amaliyenborg saroyida davlatni idora etib kelgan.

Irlandiyada tug‘ilish darajasi eng yuqori

Demografik inqiroz davriga kelib qolayotgan Yevropada tug‘ilish borasidagi eng yuqori ko‘rchatkich Irlandiyaga tegishli. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Irlandiyada o‘rtacha farzand ko‘rish soni har bir ayolga ikkitadan to‘g‘ri keladi.

Eng baland cho‘qqini Rossiyadan topish mumkin

Elbrus tog‘idagi vulqon tog‘ cho‘qqisi nafaqat Rossiya, balki Yevropaning eng baland cho‘qqisidir. Ushbu cho‘qqi Yevropani Osiyodan ajratib turadigan Kavkaz tog‘larida joylashgan bo‘lib, balandligi 5642 metrni tashkil etadi. Qolaversa, u dunyoning eng baland yettita cho‘qqisidan biri sifatida ham qayd qilingan.

Eng uzoq umr ko‘ruvchilar Monakoda yashashadi

Nafaqat Yevropa, balki butun dunyoda ham eng uzoq umr ko‘ruvchilar yurti sifatida Monako e’tirof etiladi. Mamlakat aholisining o‘rtacha umr ko‘rishi 89,4 yosh. Bunga sabab sifatida aholisining katta qismi shifokor ekanligi va boshqa omillar ko‘rsatiladi.

Shveysariyada 7000 ga yaqin ko‘l bor

Hayratlanarli! Lekin bu haqiqat. Mamlakatdagi Jeneva va Konstans ko‘li qit’aning eng yirik havzalaridan biridir.

Chexiya eng ko‘p qal’alarga ega mamlakat

Agar siz Chexiya Respublikasida kuniga bitta qasrga tashrif buyurmoqchi bo‘lsangiz, ularning hammasini ko‘rish uchun sizga uch yil vaqt kerak bo‘ladi. 932 qal’a va 1,187 ta «dabdabali uylar» bilan chexlar boshqa Yevropa mamlakatlariga nisbatan ko‘proq maqtanishlari mumkin.

Qit’adagi eng ko‘p aholi Rossiyada

Rossiya aholisining yarmidan ko‘prog‘i davlatning Yevropa qismida joylashgan bo‘lib, qit’a aholisiga taxminan 110 million kishi qo‘shilishiga sabab bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, Rossiyani aholi soni bo‘yicha yetakchi davlatga aylantirdi.

Ikkinchi yirik mamlakat Germaniya hisoblanib, 82,2 million aholiga ega.

Ispaniya Yevropadagi bananlarning 60 foizini yetishtiradi

Banan faqat Afrikadan keltiriladi, deb o‘yladingizmi? Afsuski adashtingiz. Ispaniyaning Kanar orollari mevalar, xususan banan yetishtiruvchi fermalari bilan anchayin mashhur va bu mamlakat Yevropadagi bananlarning 60 foizini yetishtirishini anglatadi ham.

Ushbu hududda yetishtiriladigan bananlar Afrika bananlariga o‘xshamaydi. Biroz kichikroq, ammo mazasi bo‘yicha beqiyosdir.

Bryussel aeroportidagi «shokoladfurushlar»ning oshig‘i olchi

Bryussel aeroportida dunyoning boshqa joylariga qaraganda yo‘lovchilar tomonidan ko‘proq shokolad sotib olinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Bryussel orqali kuniga 67,900 yo‘lovchi parvoz etadi (pandemiya davridan oldingi ma’lumot).

Agar ularning atigi 10 foizi shokolad sotib olgan taqdirda ham «shokoladfurushlar» daromadini hisoblayvering.

Fransiyadagi poyezdlar platformasida o‘pishish taqiqlangan

Sevgi va muhabbat yurti hisoblangan Fransiyada 1910 yildan buyon poyezd platformalarida o‘pishishning taqiqlangani biroz hayratlanarli. Ushbu qoida poyezdlar jadvaliga xalaqit bermaslik va ko‘p sonli yo‘lovchilarning harakatlanishini osonlashtirish uchun qabul qilingan edi.

Jamoat joylarida cho‘milish kiyimlarida yurish taqiqlangan

Barselona sayyohlar bilan to‘lib-toshganki, hukumatdagilar tashrif buyuradigan turistlar soniga cheklov qo‘yishni istaydi. 2011 yil sayohatchilar sonini kamaytirish maqsadida, shahar ko‘chalari, hattoki restoronlarda cho‘milish kiyimlarida bo‘lishlariga taqiq qo‘yildi.

Ya’ni, plyajlardan tashqarida erkaklar ko‘ylak, ayollar esa uzun va yopiq kiyimlarda bo‘lishi lozim.

Dunyodagi eng keksa hayvonot bog‘i Avstriyada

1752 yilda tashkil etilgan Yevropadagi eng qadimgi hayvonot bog‘i Vena shahridagi Sho‘nbrunn hayvonot bog‘idir. Hopsburglar oilasi joylashgan Sho‘nbrunn saroyi hududida joylashgan hayvonot bog‘i qirollik oilasining shaxsiy ekzotik hayvonlar kolleksiyasidan iborat bo‘lgan. Qolaversa, u dunyodagi eng qadimgi va doimiy faoliyat ko‘rsatishi bilan ham e’tirof etiladi.

Wolkswagen Yevropaning eng yirik kompaniyasi

Germaniyada joylashgan Wolkswagen yillik daromadi milliardlar hisobida. 2018 yil u deyarli 11 million avtomobil sotdi va 240,4 milliard daromad qildi. Bu Yevropadagi kompaniyalar ichida yetakchi bo‘lib, dunyo bo‘yicha yettinchi eng yirik kompaniya deganidir.

Berlinda Istanbuldan ko‘ra ko‘proq kabob restoranlari bor

Mazali doner kaboblari Turkiyada paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo nemislar sekin pishirilgan go‘shtni shunchalik yaxshi ko‘rishadiki, ularning eng mazalisini Istanbuldan emas, Berlindagi restoranlarda topasiz.

Turkiyaning «kabob qiroli» Mahmud Aygun qariyb 50 yil oldin kabob aravasini olib Germaniyaga ko‘chib kelgan. Bugungi kunda, mamlakatda 4,000 mingdan ziyod kabob do‘konlari mavjud.

Eng uzun daryo Rossiyada joylashgan

Volga daryosi qit’aning eng uzun daryosi sifatida ko‘riladi. E’tiborlisi, Volga Kaspiy dengiziga 200 dan ortiq irmoqlari bilan oqib boradi. Rossiyadagi dehqonchilik dalalarining yarmi va mamlakat aholisining qariyb 40 foizi ushbu daryo bo‘yida joylashgan.

Lyuksemburg YaIM bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga ega

Lyuksemburgda YaIM bo‘yicha aholi jon boshiga 119 719 dollardan to‘g‘ri keladi. U yerda banklar, turli moliya institutlari va aholi boy yashaydi. Lekin boy mamlakat hududi atigi 2586,4 km kvadratni tashkil etadi. Aholisi 600,000 kishi atrofida bo‘lib, ularning ko‘pi yillik maoshga ega.

Eng faol vulqon Sitsiliyada

Ko‘pchilik Islandiyadagi Eyjafjallajo‘kull vulqonini eng faol, deb o‘ylaydi. To‘g‘ri, bu vulqon bir muddat Yevropa ustida havo qatnovini ham to‘xtatib qo‘ygan.

Biroq, Yevropaning eng faol vulqoni aslida Sitsiliyadagi Etna tog‘idagi vulqondir. Kichik zilzilalar Sitsiliyaning mazkur qismida doimiy ro‘y berib turadi. 3,326 fut balandlikdagi vulqon oxirgi marta 2018 yilning dekabrida otilgan.

Yevropada 51 ta davlat bor

Ellik bir mamlakat, xususan qirollik va mustaqil davlatlar Yevropani tashkil etadi. Ularning 28 tasi Yevropa Ittifoqiga a’zo.

Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan taniqli mamlakatlar qatoriga Islandiya, Norvegiya, Shveysariya, Monako, Turkiya va Rossiya kiradi.

Nurillo To‘xtasinov tarjimasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring