Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

8 yil muqaddam Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgandi…

8 yil muqaddam Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgandi…

2016-yil 15-iyul kechasi Turkiyada demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatni ag‘darishga va davlat to‘ntarishiga urinish amalga oshirilgan edi. Ushbu to‘ntarishni amalga oshirishni rejalashtirgan Fathullohchi terror tashkiloti o‘sha kuni Istanbuldagi ko‘priklarni yopgan va 35 ta samolyot, 37 ta vertolyot, 74 ta tank hamda 4 mingga yaqin qurol-yarog‘ bilan Turkiya ko‘chalariga chiqqan edi.

«Ko‘plab davlat muassasa va tashkilotlari, boshda Turkiya Buyuk Millat Majlisi, Prezident majmuasi va Anqara viloyati Xavfsizlik boshqarmasi bombardimon qilindi. Tez orada bu voqealarning alohida hodisa emas, balki muvofiqlashtirilgan hujum ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Fathullohchi terror tashkiloti (FETO), hurmatli Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga suiqasd uyushtirish maqsadida hujum qildi. Prezidentimizning milliy televideniye orqali qilgan chaqirig‘idan so‘ng xalqimiz o‘z demokratiyasini himoya qilish uchun maydonlarga chiqdi. Millionlab fuqarolarimiz tun bo‘yi davlat to‘ntarishini rejalashtirgan terror tashkilotiga qarshi kurashdi.

16-iyul tongida Turk Qurolli Kuchlari, Xavfsizlik Bosh boshqarmasi va o‘z demokratiyasini himoya qilgan xalqimizning sa’y-harakatlari bilan hiyonatkorona to‘ntarish tashabbusi bostirildi va to‘ntarish tashabbuskorlari qo‘lga olindi. Harbiy va noharbiy aholidan jami 252 vatandoshimiz shahid bo‘ldi, 2 740 fuqaromiz esa jarohatlandi. 15-iyul kechasi Maxsus kuchlar qo‘mondonligini himoya qilish uchun joni evaziga qarshilik ko‘rsatgan va to‘ntarishning asosiy jamoasi tarkibida bo‘lgan generalni ta’sirsiz holga keltirgan shahid O‘mer Halisdemir kabi qahramonlar to‘ntaruvchilarga qarshi to‘siq bo‘ldi. Fuqarolarimiz yopilgan Bo‘g‘oz ko‘prigida hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, ularning joniga qasd qilishga uringan davlat to‘ntaruvchilarini zararsizlantirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu xalqimizning hamjihatligi, azmu shijoati sinovdan o‘tgan tarixiy lahzalardan biridir», – deb yozadi Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya Boshqarmasi boshlig‘i prof. dr. Fahrettin Altun o‘zining «Xoinona davlat to‘ntarishiga urinish» maqolasida.

Davlat to‘ntarishiga urinishning dastlabki daqiqalaridanoq Turkiya hukumati tartibni o‘rnatish va aybdorlarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rdi. Bu jarayonda esa to‘ntarishga urinish Turk Qurolli kuchlari ichiga kirib kelgan noqonuniy bir guruh tomonidan amalga oshirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga doir: Bugun turk qardoshlar «Demokratiya va Milliy birlik kuni»ni nishonlayapti

To‘ntarish tashabbusi ortida FETO tashkiloti turgani aniqlandi. AQShda istiqomat qiluvchi tashkilot rahbari bu hiyonatni davlat ichidagi parallel tuzilmasi yordamida amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi.

Davlatga xiyonat qilganlar ustidan qozonilgan g‘alaba nafaqat Turkiyada, balki butun dunyoda demokratiya tarixidagi eng sharafli qarshilik ko‘rsatishlardan biri sifatida qayd etildi.

«Bugun ham kurashini davom ettirayotgan Turkiya, ayniqsa, chet elda yashiringan qochqinlar va FETO yetakchilarining ekstraditsiya qilinishi mavzusida do‘st va ittifoqdosh davlatlardan birdamlik kutmoqda. Xalqaro hamjamiyatda Turkiyani qo‘llab-quvvatlagan va birdam bo‘lgan davlatlar ko‘p bo‘lsa-da, to‘ntarish tashabbusiga ba’zi ittifoqchilarimizning javobi yetarli bo‘lmadi.

Bu davlatlarning ommaviy axborot vositalarida davlat to‘ntarishiga urinishning yoritilishi ham Turkiya davlatini qanoatlantiradigan darajada bo‘lmadi. Xalqaro mas’uliyatli G‘arb ommaviy axborot vositalari 15-iyul kechasi sodir bo‘lgan voqeani soddalashtirishga harakat qildi. Mamlakatimiz demokratiyasini nishonga olgan qonli to‘ntarish tashabbusini “ikki tomon o‘rtasidagi to‘qnashuv” shaklidagi haqqoniy bo‘lmagan ibora bilan xabar qildilar», – deydi Fahrettin Altun.

Maqolada ta’kidlanishicha, 15-iyuldagi davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng, AQShning Pensilvaniya shtatida yashab turgan FETO tashkiloti rahbarini ekstraditsiya qilish uchun Turkiya hukumati ko‘plab urinishlar qilgan, biroq bu borada ijobiy natijaga erishilmagan.

Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya Boshqarmasi rasmiysining ta’kidlashicha, FETO ittifoqdosh davlatlar bilan bir qatorda keng miqyosdagi mintaqalarda faoliyatini davom ettirmoqda. Turkiya hukumati nafaqat mamlakat ichida, balki uning chegaralaridagi barcha davlatlarning xavfsizligiga tahdid solayotgan ushbu tashkilotga qarshi har sohada kurashni davom ettiradi.

«Xoinona to‘ntarish tashabbusidan keyin demokratik tashkilotlarini yanada mustahkamlagan davlat sifatida fuqarolarimizning hayotini va mamlakatimiz mustaqilligini har sohada nishonga olgan terror tashkilotiga qarshi kurashni davom ettiramiz.

O‘sha qonli kechada jonini fido qilgan fuqarolarimiz xotirasini Turkiyaning mustaqilligi va istiqbolini himoya qilgan holda sharaflashda davom etamiz», – deb yozadi professor Fahrettin Altun.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring