Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh va Isroilning Eronga hujumi ortidan neft narxi keskin oshdi

AQSh va Isroilning Eronga hujumi ortidan neft narxi keskin oshdi

AQSh va Isroilning Eronga qarshi zarbalari ortidan jahon bozorida neft narxi 2022-yil mart oyidan beri eng yuqori sur’atda o‘smoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

2-mart kuni savdolar ochilishida Brent markali neft narxi bir zumda 13 foizga oshdi — barreli 69 dollardan 82 dollargacha ko‘tarildi. Bu 2025 yil yanvaridan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Toshkent vaqti bilan soat 12:00 holatiga ko‘ra, Londondagi «ICE Futures» birjasida may oyi fyucherslari 7,89 foizga oshib, 78,62 dollarni tashkil etgan. Nyu-York tovar birjasi – «New York Mercantile Exchange»da aprel oyi WTI fyucherslari 6,93 foizga qimmatlashib, 71,66 dollarga yetgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, bu neft narxining 2022 yil mart oyidan beri eng keskin o‘sishi hisoblanadi.

Fors ko‘rfazidagi va Eron nazorat qiladigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali jahon neft ta’minotining qariyb beshdan biri o‘tadi. Biroq hujumlar fonida bu yo‘nalishda kemalar harakati sezilarli darajada qisqargan.

Eron rasmiylari 1-mart kuni bo‘g‘oz ochiqligini bildirgan bo‘lsa-da, kema egalari va treyderlar xavfsizlik sabab bu yo‘nalish orqali neft tashishdan bosh tortmoqda.

Daniyaning yirik transport kompaniyasi «Maersk» Ho‘rmuz orqali barcha reyslarni keyingi ko‘rsatmaga qadar to‘xtatganini ma’lum qildi. Kompaniya bu qaror ekipaj va yuklar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilinganini ta’kidladi.

Shuningdek, Eron Saudiya Arabistonidagi neft infratuzilmasiga, jumladan «Saudi Aramco»ning Ras-Tannuradagi qayta ishlash zavodiga zarba bergani xabar qilindi.

«Wood Mackenzie» tahlilchilariga ko‘ra, agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar harakati tez orada tiklanmasa, neft narxi 100 dollardan oshib ketishi mumkin.

JPMorgan Chase & Co. ekspertlari esa, agar suv yo‘li 25 kun yopiq qolsa, Yaqin Sharqdagi yirik neft kompaniyalari saqlash omborlari to‘lib ketishi sabab ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.

Morgan Stanley ikkinchi chorak uchun Brent bo‘yicha prognozini 62,5 dollardan  80dollargacha oshirdi. Citigroup Inc. esa kamida kelasi hafta davomida Brent narxi 80–90 dollar oralig‘ida savdo qilinishi mumkinligini prognoz qilmoqda.

Karobaar Capital LP bosh investitsiya direktori Xaris Xurshidning ta’kidlashicha, agar tankerlar harakati tez tiklansa yoki diplomatik deeskalatsiya yuz bersa, neft narxida ma’lum pasayish kuzatilishi mumkin.  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring