Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh vitse-prezidenti Falastin borasida va’da berdi

AQSh vitse-prezidenti Falastin borasida va’da berdi

Foto: Reuters

AQSh vitse-prezidenti va demokratik partiyadan prezidentlikka asosiy nomzod Kamala Harris G‘azo sektorida falastinliklarning azoblanishiga jim qarab turmaslikka va’da berdi. Siyosatchi Oq uyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvdan keyin shunday bayonot bilan chiqdi.

Harris Netanyahu bilan muzokara payti G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat yuzasidan jiddiy xavotir bildirgan va urushni to‘xtatish vaqti kelganini ta’kidlagan.

«Bolalarning jasadlari, xavfsiz joy topish ilinjida zir yugurayotgan, ikkinchi, uchinchi yoki  to‘rtinchi bor boshpanasini tark etayotgan odamlar aks etgan kadrlar... Biz tinch aholi vakillari uqubat chekayotgan dahshatli haqiqatdan yuz o‘gira olmaymiz. Azoblarni ko‘rib ko‘rmaslikka olishni o‘zimizga ma’qul deb bilmaymiz. Men bu borada sukut saqlamayman», – degan K.Harris.

Vitse-prezident Isroil o‘z-o‘zini mudofaa etishga haqli ekani, Vashington Tel-Avivni qo‘llab-quvvatlanishini urg‘ulagan. Ayni choqda, u G‘azoda minglab tinch aholi vakillari o‘ldirilganidan ko‘z yumib bo‘lmasligini aytgan.

«Keling, bitim imzolab, o‘t ochishni to‘xtataylik va urushni yakunlaylik. Keling, asirlarni uylariga qaytarib, Falastin xalqiga zarur ko‘makni ko‘rsataylik. Men pirovardida ziddiyat ikki davlat tashkil etish konsepsiyasi asosida hal etilishi borasidagi qarashda sobitman», – degan vitse-prezident.

Avval xabar berganimizdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 24 iyul kuni AQSh Kongressida ma’ruza qildi. Haagadagi Xalqaro mahkama prokurori tomonidan G‘azo sektorida qirg‘in sodir etishda ayblanib, qamoqqa olinishi talab etilgan siyosatchining Qo‘shma Shtatlar qonunchilik idorasida nutq irod qilishi ko‘p sonli demokratlar tomonidan boykot qilindi.

Harris va Netanyahu uchrashuvi bo‘layotgan paytda ham Oq uy qarshisida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. 

AQSh rahbariyati G‘azo sektorida urush boshlangan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroilni ham harbiy, ham moddiy, ham siyosiy jihatdan dastaklab kelmoqda. Bu hol AQShda siyosiy qutblashuvni kuchaytirmoqda. Isroilni bir tomonlama qo‘llab-quvvatlashni bas qilish chaqiriqlari tobora balandroq ovozda yangramoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring