Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh–Eron muzokaralarida «sezilarli ilgarilash» qayd etildi

AQSh–Eron muzokaralarida «sezilarli ilgarilash» qayd etildi

Shveysariyada Omon vositachiligida o‘tgan muzokaralarda Eron va AQSh «sezilarli ilgarilash»ga erishdi. Bu haqda tomonlar o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuvdan so‘ng vositachilar ma’lum qildi. Tomonlar kelasi hafta muloqotni davom ettirishga kelishib olgan.

Muzokaralar Tramp tomonidan Tehronga 15 kun ichida kelishuvga erishish bo‘yicha berilgan muhlat ortidan o‘tkazildi. AQSh hali ham ehtimoliy harbiy zarbalar variantini ko‘rib chiqmoqda va mintaqada aviatsiya hamda harbiy-dengiz kuchlarini kuchaytirishni davom ettiryapti.

Eron muzokaralar faqat uning yadroviy dasturiga taalluqli bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda. Vashington esa Tehronning raketa dasturini cheklash va mintaqadagi qurolli guruhlarga ko‘rsatilayotgan yordamni to‘xtatishni ham talab qilyapti.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi davlat telekanalida chiqish qilib, muzokaralar «juda yaxshi ilgarilash»ga erishganini, ayniqsa yadroviy masala va sanksiyalar bo‘yicha kelishuv elementlari yuzasidan jiddiy yaqinlashuv bo‘lganini aytdi. Uning bildirishicha, navbatdagi raund «ehtimol bir haftadan kam vaqt ichida» o‘tkaziladi, Vena shahrida esa BMTning yadroviy agentligi doirasida texnik maslahatlashuvlar boshlanadi.

Aroqchining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uchrashuv «hozirgacha eng intensiv» muzokara bo‘lgan. U «X» platformasidagi sahifasida tomonlar sanksiyalarni bekor qilish va yadroviy dasturga oid qadamlar yuzasidan batafsil ishlashni davom ettirishga kelishib olganini yozdi.

Qariyb uch soatlik muzokaralarda Eron delegatsiyasiga Aroqchi boshchilik qildi. AQSh tomonidan esa maxsus vakil Stiv Uitkoff hamda Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, ayni muzokaralarda Tramp Erondan uranni boyitishni to‘liq to‘xtatish, uzoq masofali raketalar dasturini qisqartirish va mintaqadagi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni bas qilishni talab qilmoqda. Eron esa muzokaralar faqat yadroviy dastur doirasida olib borilishi mumkinligini, uning atom dasturi mutlaqo tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlamoqda.

Seshanba kungi chiqishida Tramp Eronni «yashirin yadroviy ambitsiyalar»da aybladi hamda Tehron Yevropa va xorijdagi AQSh bazalariga tahdid solishi mumkin bo‘lgan raketalar yaratganini bildirdi. Eron TIV bu bayonotni «yolg‘on» deb atadi.

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa muzokaralar arafasida mamlakat hech qachon yadroviy qurol yaratishga intilmasligini yana bir bor ta’kidladi.

Muzokaralar fonida AQSh mintaqadagi harbiy quvvatini kuchaytirmoqda. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, dunyodagi eng yirik aviatashuvchi – USS Gerald R. Ford Krit yaqinidagi baza hududida kuzatilgan va O‘rta yer dengiziga yo‘naltirilgan.

Hozirda AQSh Yaqin Sharqda bir aviatashuvchi – USS Abraham Lincoln, to‘qqizta esminets va yana uchta jangovar kemani joylashtirgan.

Manba: ru.euronews.com

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring