AQShning Eronga qarshi urushi 37,5 milliard dollarga tushdi. Hozircha
AQSh va Eron o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar o‘n birinchi kun ham davom etmoqda. AQSh harbiylari Eron hududiga ketma-ket havo zarbalari bermoqda, Tehron esa hujumlar geografiyasini Fors ko‘rfazi davlatlarigacha kengaytirgan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligining (CENTCOM) ma’lum qilishicha, zarbalar Eronning harbiy boshqaruv markazlari, dengiz infratuzilmasi, samolyot angarlari, dron omborlari va harbiy logistika obyektlariga qaratilgan.
Eron esa Bahrayn, Iordaniya va Quvaytdagi nishonlarga hujumlar uyushtirganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Pokiston mojaroni yumshatish maqsadida diplomatik sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp hozircha Tehron bilan muzokaralar o‘tkazishdan manfaatdor emasligini bildirdi.
«Ular uchrashuv o‘tkazishni juda xohlayapti. Ammo mazmunli muloqotga tayyor bo‘lmagunlaricha, bunday uchrashuvlar biz uchun qiziq emas», – dedi Tramp.
Ayni paytda AQSh davlat kotibi Marko Rubio Vashington muzokaralarga tayyorligini, ammo Eron bu jarayonga jiddiy yondashmayotganini aytdi.
Mojaro global energetika bozoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hamon yopiq qolmoqda, bu esa jahon neft va gaz ta’minotiga bosimni kuchaytirmoqda. Chorshanba kuni Brent nefti narxi bir barrel uchun 92 dollargacha ko‘tarildi.
Shu bilan birga, AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset Senatdagi chiqishida Eronga qarshi harbiy harakatlar Vashingtonga hozirgacha 37,5 milliard dollarga tushganini ma’lum qildi. U ma’muriyatning urush xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha 67 milliard dollar ajratish haqidagi so‘rovini qo‘llab-quvvatladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter