Armaniston KXShTda ovoz berish huquqidan mahrum qilindi
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) Armanistonni ovoz berish hamda tashkilotdagi rahbarlik lavozimlariga o‘z vakillarini tavsiya etish huquqidan mahrum qildi. Bunga mamlakatning a’zolik badallarini to‘lamagani sabab bo‘lgan.
Qaror 11-noyabr kuni Moskvada o‘tkazilgan KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi yig‘ilishida qabul qilingan. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston bir necha yildan buyon tashkilot oldidagi majburiyatlarini bajarmayotgani sababli KXShT nizomiga muvofiq cheklovlar joriy etilgan.
Tashkilot nizomining 25-moddasiga ko‘ra, a’zo davlat ikki yil davomida badallar bo‘yicha qarzdorligini to‘lamasa, uning ovoz berish va rahbarlik lavozimlariga nomzod ko‘rsatish huquqi to‘xtatilishi mumkin.
Biroq Armaniston KXShT a’zoligidan chiqarilmagan.
KXShT bosh kotibi Taalatbek Masadiqovning bildirishicha, sammitda mamlakatni tashkilotdan chiqarish masalasi muhokama qilinmagan.
«Armaniston a’zolik badallari bo‘yicha qarzdorligini qoplasa, uning huquqlari tiklanishi mumkin. Qaror Armaniston rahbariyatiga bog‘liq», – degan u.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 2024-yil fevralda mamlakatning KXShTdagi ishtirokini muzlatganini e’lon qilgan edi.
Yerevan bu qarorini tashkilot Armaniston xavfsizligi bilan bog‘liq majburiyatlarini bajarmagani bilan izohlagan. Shundan keyin mamlakat KXShT faoliyatida ishtirok etishni va a’zolik badallarini to‘lashni to‘xtatgan.


Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting
Kiriş
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter