Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Belgiya prokuraturasi ikki isroillik askar ustidan XJSga shikoyat yubordi

Belgiya prokuraturasi ikki isroillik askar ustidan XJSga shikoyat yubordi

Belgiya prokuraturasi shu oy boshida Falastin tarafdori bo‘lgan Hind Rajab Foundation (HRF) guruhidan mamlakatda har yili o‘tkaziladigan Tomorrowland musiqiy festivalida ishtirok etgan ikki isroillik askar ustidan shikoyatlarini olganini ma’lum qildi.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, bu juftlik o‘tgan hafta «G‘azoda xalqaro gumanitar qonunlarni jiddiy buzganlik» ayblovlari bo‘yicha politsiya tomonidan so‘roq qilingan. Chorshanba kuni davlat prokurori ikki isroillik askarga qarshi shikoyatlarni «adolatni yuzaga chiqarish va Belgiyaning xalqaro majburiyatlariga muvofiq» XJSga yuborishga qaror qilganini aytdi.

Isroil rasmiylari Belgiya prokurorlarining xatti-harakatlari haqida ochiqchasiga izoh bermadi.

Avvalroq Isroil o‘z kuchlari xalqaro qonunlarga rioya qilishini va tinch aholiga zarar yetkazmaslikka harakat qilishini va har qanday qonunbuzarlik haqidagi da’volarni tekshirib ko‘rishini aytgan edi.

HRF guruhi a’zolari G‘azoda «jiddiy xalqaro jinoyatlar uchun javobgar» bo‘lgan ikki isroillik askarni Tomorrowland festivalida aniqlaganliklarini da’vo qilgan, biroq ular qanday harbiy jinoyatlarda ayblanishini hamda ularga qarshi qanday dalillar borligini ochiqlamagan.

O‘z navbatida, Yevropa yahudiylar assotsiatsiyasi o‘tgan hafta Belgiya hukumatini siyosiy sabablarga ko‘ra ikki isroillik ustidan shikoyat qilgani uchun tanqid qildi. Tashkilot ikki askarning «o‘z vatanlarini himoya qilish yo‘lida» burchlarini bajarganini ta’kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Xalqaro jinoyat sudi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va uning sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantni G‘azodagi qariyb 22 oylik urush tufayli insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, hibsga olishga order bergan edi.

Ma’lumot uchun, seshanba kuni G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi urushda halok bo‘lganlar soni 60 mingdan oshganini ma’lum qildi.

Isroil tomoni esa urush boshlangandan beri 900 ga yaqin askar halok bo‘lganini aytdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring