Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bill Geytsning sobiq rafiqasi uning Epshteyn bilan aloqalariga izoh berdi

Bill Geytsning sobiq rafiqasi uning Epshteyn bilan aloqalariga izoh berdi

Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha e’lon qilingan hujjatlarda Microsoft kompaniyasining asoschisi Bill Geytsning nomi tilga olinganidan so‘ng, uning sobiq rafiqasi Melinda Geyts jamoatchilikka ushbu vaziyat yuzasidan tushuntirish berdi.

Melinda Geyts National Public Radio podkastida chiqish qilib, Bill Geytsni Epshteyn bilan aloqalari yuzasidan ochiq va aniq javob berishga chaqirdi. U bu voqealarni «yurakni parchalaydigan fojia» deb atab, jabr ko‘rgan qizlar taqdiri uni chuqur iztirobga solayotganini bildirdi.

«Hech bir qiz Epshteyn ularni olib kirgan vaziyatga tushmasligi kerak edi. Bu haqda o‘ylashning o‘zi ham qalbni og‘ritadi. Men bugun katta bo‘lib qolgan o‘sha ayollar uchun adolat qaror topishini istayman. Ular boshidan kechirgan azob-uqubatlarni tasavvur qilishning o‘zi mushkul», – dedi Melinda Geyts.

Uning ta’kidlashicha, mazkur yangiliklar unda og‘ir shaxsiy xotiralarni uyg‘otgan. Xususan, u o‘z yoshligi, qizlarining Epshteyin qurbonlari yoshida bo‘lgan davrlari hamda nikohi davomidagi «juda og‘riqli paytlar»ni eslaganini aytadi.

Melinda Bill Geytsning ismi Epshteyn hujjatlarida tilga olingani haqidagi gaplarga ham to‘xtaldi.

«Bu savollar menga emas. Bu – o‘sha odamlar va sobiq turmush o‘rtog‘imning ishi. Ular bu savollarga javob berishi kerak», – deydi u.

Ma’lumot uchun, Bill va Melinda Geyts 1994-yildan 2021-yilgacha rasmiy nikohda bo‘lgan. Ajrim sabablari orasida Melinda Geyts erining xiyonati va uning Jeffri Epshteyn bilan yaqin aloqalarini ko‘rsatgan edi. Keyinroq Bill Geyts bu munosabatlarni «katta xato» deb atagan. 

Eslatib o‘tamiz, moliyachi Jeffri Epshteynga tegishli elektron pochta xabarlarida Geytsning «rus ayollari» bilan yaqin munosabatlari bo‘lganligi, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasallikka chalinganligi va o‘sha paytdagi rafiqasi Melindaga yashirincha antibiotiklar berish uchun yordam so‘raganligi da’vo qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring