Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri elektr energiyasi uchun QQSni bekor qiladi
Endi Byornem.
Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Endi Byornem uy xo‘jaliklari uchun elektr energiyasiga qo‘llaniladigan QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) bekor qilinishini e’lon qildi. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
1-oktyabrdan elektr uchun soliq stavkasi amaldagi 5 foizdan nulgacha tushiriladi. Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, bu oilalarga yiliga kamida 45 funt sterling (taxminan 53 yevro) tejash imkonini beradi.
AFP ma’lumot berishicha, ushbu chorani amalga oshirish joriy moliyaviy yilda hukumatga taxminan 850 mln funt sterling (996 mln yevro)ga tushadi.
Islohotni yangi qarzlar hisobidan emas, balki ishchilar uchun mo‘ljallangan, qiymati 1,8 milliard funt sterlinglik raqamli guvohnomalar loyihasidan voz kechish evaziga moliyalashtirish rejalashtirilmoqda. Avvalgi hukumat noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish uchun shunday hujjatlarni joriy etishni taklif qilgan edi, biroq tashabbus jiddiy tanqidga uchradi, parlament qo‘mitasi esa uni mutlaq muvaffaqiyatsizlik deb atadi.
Byornemning qarori britaniyaliklarning elektr energiyasi uchun xarajatlari yuqori bo‘lgan bir paytda qabul qilingani e’tiborga molik. Hozirda bitta xonadon elektr toki uchun yiliga o‘rtacha 1 862 funt sterling (2 190 yevro atrofida) to‘lov qilmoqda.
«Elektr energiyasi xarajatlari uchun soliqlarni zudlik bilan kamaytiramiz, shu tariqa odamlarga o‘z pullari hamda kelajakka ishonchni qaytaramiz», — deb bayonot berdi Byornem.
Moliya bozorlari yangi bosh vazirning rejasini xavotir bilan qarshi oldi. Investorlar Byornemning bu kabi qo‘llab-quvvatlov choralari davlat xarajatlarini oshirib yuborishidan xavfsirashmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter