Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chorak asr og‘ir mehnat qilgan va 53 yoshida san’at olamini o‘zgartirgan ayol

Chorak asr og‘ir mehnat qilgan va 53 yoshida san’at olamini o‘zgartirgan ayol

foto: (https://www.deepspacesparkle.com/

Klementin Xanter 1886-yilning qish faslida Luizianadagi plantatsiyada dunyoga keldi. Uning bobo-buvilari qul bo‘lishgan, ota-onasi esa tong sahardan to qorong‘u tushguncha dalada mehnat qilardi.

Besh yoshida Klementin maktabga chiqdi, ammo bir necha kundan keyin hammasi ayon bo‘ldi: u kabi bolalarning taqdiriga bilim olish emas, dalada ishlash yozilgan edi. Qizaloq maktabda bir hafta ham o‘qimadi. Umrining oxirigacha o‘qishni ham, yozishni ham o‘rganmadi, hatto o‘z ismini yoza olmasdi.

Kutilmagan burilish

Keyingi ellik yil davomida uning hayoti faqat yashab qolish uchun kurashdan iborat bo‘ldi. U paxta terdi, ovqat pishirdi, uy tozaladi. Yetti farzandni dunyoga keltirdi. Bir safar farzandini dunyoga keltirishdan bir necha soat oldin paxta terib, uyga qaytgan va doyani chaqirgan, bir necha kundan keyin esa yana dalaga chiqqan.

1939-yilda, Klementin 53 yoshga to‘lganida, kutilmagan voqea yuz berdi. U Melrouz plantatsiyasida oshpaz bo‘lib ishlardi. U yerga butun mamlakatdan rassomlar kelib turardi. Bir kuni rassom ayollardan biri ketayotib bo‘yoq solingan quticha va mo‘yqalamlarini qoldirib ketdi. Mana shu tashlab ketilgan mo‘yqalamlar keyinchalik bir insonning taqdirini o‘zgartirishini kim ham o‘ylabdi deysiz.

Klementin uy tozalayotganda ularni topib oldi va hammasi shundan boshlandi. U ilgari hech qachon qo‘liga qalam ushlab ko‘rmagandi, ammo rangli bo‘yoqlarga qarab turib o‘yladi: “Nega bu matohlar bekor yotishi kerak?”

U eski deraza pardasiga ilk rasmini chizdi. Unda o‘zi bilgan dunyo — Keyn daryosidagi cho‘milish marosimi tasvirlangan edi. U ushbu ilk asarini 25 sentga sotdi.

Har qanday buyum ijod uchun ...

Klementin to‘xtamadi. U qo‘liga tushgan har qanday narsaga: karton qutilar, shisha idishlar, qurigan qovoqlar, yog‘och bo‘laklari va banka qopqoqlariga rasm chiza boshladi. U paxta terimini, to‘ylarni, shanba kungi raqslarni, yong‘oq terimi kabi oddiy qora tanli dehqonlar hayotini tasvirladi, uning chizgan suratlari galareyalar, ko‘rgazmalar uchun emas edi, shunchaki u ko‘rganini, oddiy hayotni chizardi.

Uning uslubi o‘ziga xos edi: hech qanday qoidalarsiz, yorqin ranglar va oddiy shakllar. Unga hech kim “to‘g‘ri chizish”ni o‘rgatmagandi va bunga ehtiyoji ham yo‘q edi.

1949-yilda, u oltmish yoshdan oshganda, ilk shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. San’atshunoslar uning ijodini “sodda san’at”, “bolalarcha”, “folklor” deb atashdi, ammo Klementin bunday yorliqlarga e’tibor bermay ijod qilishda davom etdi. Garchi bu fikrlar maqtovga o‘xshasada, ushbu so‘zlar ortida boshqa narsa yotardi: “haqiqiy” emas, “jiddiy” emas...

1955 yilda unga Melrouz plantatsiyasidagi Afrika uyining devorlarini bo‘yash topshirildi. Yetti hafta davomida u devorni afrikaliklar hayotini aks ettirgan lavhalar bilan yoritdi: paxta terimi, cherkov xizmatlari, to‘ylar, xayrlashuvlar va qo‘lida mo‘yqalam bilan o‘zining avtoportreti.

Kechikkan e’tirof

1970-yillarga kelib, uning ishlari butun AQSh bo‘ylab mashhur bo‘ldi. Prezident Jimmi Karter uni Vashingtonga taklif qildi. Ilgari 25 sentga sotilgan rasmlari endi minglab dollar turardi.

Shunga qaramay, Klementin juda kamtarona yashashda davom etdi. U o‘z ismini yoza olmagani uchun rasmlariga “C” va “H” harflarini bir-biriga qarama-qarshi tarzda chizib belgi qo‘yardi. Bu belgi muallifi chizgan rasmlar shunchalik qadrli ediki, hatto uni soxtalashtira boshladilar.

1986-yilda, 100 yoshida, Luiziana universiteti unga tasviriy san’at bo‘yicha faxriy doktor unvonini berdi. Klementin 1988-yilda, 101 yoshida vafot etdi va oxirgi kunlarigacha surat chizib, o‘zidan 5000 dan ortiq asar qoldirdi.

Bugun uning asarlari dunyoning eng yirik muzeylarida, jumladan Smitsonian institutida saqlanadi. Klementin Xanter bilim va imkoniyat yo‘qligi ijodga to‘siq bo‘la olmasligining tirik isbotidir. U o‘z jamiyatining tarixini hech kim aytmagan tilda — ranglar tilida so‘zlab berdi.

U 50 yil dalalarda mehnat qildi, ammo ichidagi ijodkorni o‘ldirmadi. Uning “oddiyligi” zamirida ulkan kuch bor edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring