Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudan poytaxti yana o‘q yomg‘iri ostida...

Sudan poytaxti yana o‘q yomg‘iri ostida...

Generallar Burhon va Hamdan ziddiyati tinch aholiga qimmatga tushmoqda.

Foto: AFP

Sudan poytaxti Xartum shahrida mamlakat muntazam armiyasi va Tezkor harakat kuchlari (RSF) o‘rtasidagi jang qayta boshlanib ketdi. Bu haqda dpa agentligi guvohlarga tayanib xabar berdi.

Raqiblar og‘ir artilleriya va jangovar samolyotlardan foydalangan holda bir-biriga zarba bermoqda.

Sudan armiyasi poytaxtdagi shtabiga Tezkor harakat kuchlari hujum uyushtirgani, raqib hamlasi qaytarilganini ma’lum qilgan.

Janglar davomida Xartumdagi bir qancha binolar, jumladan, 18 qavatli neft shirkati minorasi yonib ketgan. So‘nggi otishmalarda tinch aholi vakillari halok bo‘lgani haqida ma’lumot mavjud emas, ammo urushayotgan har ikki tomon askariy qurbonlar bergan.

Poytaxtga yondosh Bahri, Omdurman shaharlarida ham bir necha kundan buyon otishmalar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 aprel kuni Sudan  poytaxtida general Abdulfattoh Burhon qo‘mondonligida muntazam armiya va general Muhammad Hamdan Dagalo boshchiligidagi Tezkor harakat kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlanib ketdi.

De-fakto davlat rahbari sanalgan general Burhon ham, unga qarshi kurashayotgan Tezkor harakat kuchlari qo‘mondoni ham hokimiyatni to‘liq nazorat qilishning uddasidan chiqqanicha yo‘q.

Sudanni uzoq yillar idora etgan Umar Bashir 2019 yilda hokimiyatdan chetlatilgan edi. Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud uni qatliom va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblagan.

Umar Bashir prezidentlikdan ketgach, harbiy va fuqaroviy guruhlar o‘tish davri hukumatini tuzishga kelishgan. Ammo mamlakatdagi turli siyosiy, harbiy guruhlar o‘zaro til topisha olmadi. Pirovardida generallar Abdulfattoh Burhon va Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi ziddiyat rosmona urushga aylanib ketdi.

Tomonlar vaqti-vaqti bilan o‘t ochishni to‘xtatish borasida bitim tuzayotgan bo‘lsa-da, qonli ixtilofni butkul hal etib bo‘lmayotir.

BMT ma’lumotlariga qaraganda, 250 ming kishi mamlakatdan chiqib ketgan. Yana 840 ming sudanlik ichki qochqin sifatida o‘z turarjoyini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.

Bahordan buyon davom etayotgan janglarda yuzlab tinch aholi vakili halok bo‘ldi, jarohatlanganlar soni bir necha mingdan oshib ketdi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 26 aprel kuni Saudiya Arabistoni yordami bilan Sudandan bir necha mamlakat fuqarolari evakuatsiya qilingan edi. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring