Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Didro effekti» yoxud qizil xalat quliga aylangan faylasuf

«Didro effekti» yoxud qizil xalat quliga aylangan faylasuf

foto: blog.mann-ivanov-ferber.ru/

Pul topish qiyin, ammo uni sarflash juda oson. Biz ortiqcha narsalarni sotib olish uchun ko‘p ishlaymiz. Keraksiz xarajatni yengish uchun esa «Didro effekti»ni tushunish kerak. 18 asrda yashab o‘tgan fransuz faylasufi Denis Didro eski xalati bilan xayrlashganiga afsuslanadi va o‘z bitiklarida yozib qoldiradi. Bir kuni Didroga qizil xalat sovg‘a qilishadi. Hammasi shundan boshlanadi. Yangi xalat shkafdagi eski buyumlar orasida o‘zini juda noqulay «sezadi». Didro shu xalatga moslab mebellarni – avval stolni, divanni, keyin gilamni, hatto kartinkalarni almashtirishgacha boradi. Qarasaki, bu zanjirning keti uzilmaydi. Anchagina pul sarflaydi. Shunda u aytadi: «Men eski xalatimning egasi edim, yangi xalatning quliga aylandim! Eski xalatim bilan xayrlashganimdan afsusdaman.»

Ko‘pchilik pul bo‘lgach ishlatish kerak-da deb o‘ylaydi. To‘g‘ri  pulni biz sarflash uchun topamiz, ammo me’yordan oshib ketsa aniq maqsadlarimizdan chalg‘iymiz – bitta yangi mahsulot boshqa xaridlarni ergashtirib keladi.

Masalan, siz bu yil yangi palto olmoqchisiz, pulni shunga rejalagansiz. Ammo yangi paltongizga etik to‘g‘ri tushmayotgandek, yarashmayotgandek tuyuladi. Yangi etik sotib olasiz. Qarasangiz unga sumka mos kelmayapti –sumka olasiz. Shunday qilib siz rejalanganidan ko‘ra ko‘proq pul sarflaysiz. Yana aytishingiz mumkin, ha nima qilibdi, pulim bor sotib  oldim, deb. Ammo bir lahzalik quvonch sizni butunlay baxtli qila oldimi? Quvonchingiz qanchaga cho‘zildi? Gap mana shunda. Qolaversa shundoq ham to‘lib-toshgan shkafingiz yanada besaranjom bo‘ldi, bu esa sizning har kuni asabingizga tegayapti.

Tanqislik paytlarida hamma faqat zarur narsalarni sotib olgan, bugungi kunda shaharlarda har bir burchakda do‘konlar, chegirmali tovarlar, aksiyalar mavjud.   

«Qo‘shnilar qimmatbaho divan sotib olishdi, lekin bizniki butunlay eskirgan», deb o‘ylaymiz. Va keyin siz divan uchun yana bir xona, kreslolar va kofe stoli, jurnal stoli olishingiz kerak bo‘ladi. Psixologlarning fikriga ko‘ra, biz doimo o‘zimizni boshqalar bilan taqqoslab, yangi narsalar orqali o‘zligimizni yaratmoqchi bo‘lamiz. Va bu jarayon cheksiz... Narsalar sizga egalik qila boshlaydi, ular sizga  emas, siz ularga xizmat qilasiz.

Hayotda bepul va chinakam baxt keltira oladigan narsalar kam. Biz o‘sha kam narsalarga erishsak ko‘p narsalar ahamiyatini yo‘qotadi. Agar oilangiz, yaqinlaringiz va salomatlik kabi hayotdagi muhimroq narsalarga e’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lsangiz, minimalist hayotni kuzatishingiz kerak. Hayotdagi keraksiz narsalar va ortiqcha an’analardan xalos bo‘lish, siz ilgari hech qachon boshdan kechirmagan baxtni topishga yordam beradi.

Minimalist turmush tarzi nima?

Minimalist turmush tarzi – bu faqat kerak bo‘lgan narsalar bilan yashashni va keraksiz narsalarni tashlashni anglatadi. Minimalizm sizga kerak bo‘lmagan narsalarni sotib olmaslikni o‘rgatadi. Minimalist ko‘p kiyim-kechak, yangi jihozni sotib olmaslik, eng so‘nggi gadjetga ega bo‘lmaslik yoki kattaroq uyga ega bo‘lishni xohlash istagidan xalos odam.

Kichkina uyda yashashni afzal ko‘radigan, ozgina kiyim-kechakka ega bo‘lgan va ko‘p mebelga muhtoj bo‘lmagan minimalistlar bor, ba’zilari esa atrof-muhitga kamroq chiqindi chiqarish uchun minimalist bo‘ladi.

Minimalist tafakkur

Minimalist qanday fikrda? Ular oilasi bilan vaqt o‘tkazish, o‘zlari yoqtirgan narsalar bilan shug‘ullanish va stressdan xoli bo‘lish kabi hayotdagi muhimroq narsalarga ega bo‘lishadi. Ular yangi narsalarni sotib olish uchun o‘zlarini ichki majburlashlardan voz kechadilar. Ular yangi narsalarga muhtoj emasligiga ishonishadi va oddiy hayot kechirishadi. Materializm va iste’molchilik ularni tark etadi.

Minimalist biror narsani sotib olishga qaror qilishdan oldin o‘zidan so‘raydi: «Bu narsa menga haqiqatan ham kerakmi? Men usiz yashay olaman deb o‘ylayman. Men bu mahsulotni sotib olishdan oldin 30 kun kutaman. O‘sha vaqtga kelib, bu menga haqiqatan ham kerakmi yoki yo‘qligini bilib olaman».

Fikrlashning o‘zgarishi bir kechada sodir bo‘lmaydi. Bu nozik va sekin qadamlar bilan erishiladi va har kuni chalg‘itadigan narsalarni olib tashlashni o‘z ichiga oladi. Chunki juda ko‘p narsa sizni chalg‘itadi.

Minimalizmning afzalliklari

Minimalist turmush tarzida yashayotgan odamning ko‘proq pulga ega bo‘lish imkoni bor. Minimalistning zahirada puli bormi demak moliyaviy stressdan holi. Chunki u foydasiz narsalarni sotib olishdan qutulgan, ya’ni u pulini uzoq muddatli, foydali, qimmat narsaga safrlashi mumkin.

Sizni chinakam baxtli qiladigan narsalarga ko‘proq pul sarflashingiz mumkin. Ya’ni sayohat qilish va asosiy narsaga e’tiboringizni qaratish uchun ko‘proq pulingiz bo‘ladi.

Agar hayotingizda muhim bo‘lmagan qimmat narsalarni sotsangiz, pulingiz ko‘payadi va yana joy bo‘shaydi. Minimalist bo‘lishni keraksiz narsalarni sotishdan boshlang. Uyni aylanib chiqing, narsalaringizni ko‘zdan kechiring va o‘zingizdan so‘rang: «Men bularni oxirgi 90 kun ichida ishlatganmanmi?» Agar siz ularni so‘nggi uch oy ichida ishlatmagan bo‘lsangiz, demak ular sizga kerak emas. Tejalgan pulingizni haqiqiy ehtiyojlaringiz uchun ishlatasiz, balki xayr-ehson qilarsiz.

Minimalist uyni tozalashga ham kam vaqt sarflaydi, chunki unda ortiqcha ashqol-dashqol bo‘lmaydi. Stol-shkaflarining tagida chang bosgan «dahmaza»larni uyoqdan bu yoqqa olish uchun vaqt sarflamaydi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘rtacha amerikalik xonadonda bir odam oyiga kamida 24 soat uy tozalaydi. Agar odam kamroq narsaga ega bo‘lsa, u tozalash ishlariga ham kamroq vaqt ajratadi. Uy tozalashdan ortgan vaqtini samaraliroq va muhimroq yumushlar uchun sarflaydi.

Katta, dang‘illama uy katta joyni anglatadi, demak uni to‘ldirish uchun ham ko‘p narsa xarid qilish kerak. Katta, narsalari ko‘p xonani tozalash uchun ortiqcha vaqt va kuch talab etiladi. Biz o‘zimizni charchatish va tozalashga ko‘proq vaqt ketkazamiz, ya’ni kerak bo‘lmagan narsalarga pul sarflaymiz. Bu mantiqiy emas, ya’ni biz o‘zimiz uchun o‘zimiz noqulaylikni yaratamiz.

Yangi narsalarni sotib olish va tozalashga ko‘proq vaqt sarflash o‘rniga, bo‘sh vaqtingizda yaqinlaringiz bilan bog‘lanish yoki sevimli mashg‘ulotni o‘rganish uchun foydalanishingiz mumkin, bu sizning ruhiy va hissiy salomatligingiz uchun foydalidir.

Minimalizmning sog‘liqqa foydasi

Mutaxassislar ortiqcha narsalarning sog‘liqqa zararini aniqladilar. Yuqori qon bosimi, depressiya, uyqu va ovqatlanish tartibidagi o‘zgarishlar, bosh og‘rig‘i, charchoq, ovqat hazm qilish muammolari shular jumlasidan. Shuningdek, javon yoki mayda haykalchalardagi chang dog‘larini tozalash astmasi bor odamlarning nafas olishini qiyinlashtiradi.

Minimalizm va tabiat

Minimalist bo‘lish faqat o‘z manfaatingiz uchun emas. Siz bu bilan ona zaminga yordam berasiz. Kamroq narsaga egalik qilish orqali siz chiqindilar va chiqindixonalarni kamaytirishga hissa qo‘shasiz.

Biz yashayotgan ona sayyorani avaylash bizning moddiy istaklarimizdan ko‘ra muhimroqdir. Biz faqat bir yoki ikki marta ishlatgan narsalarimizni tashlab yuborish orqali atrof-muhitga katta zarar keltirayapmiz. Ya’ni biz kelajak avlodni toza havo va suvdan mahrum qilayapmiz.

O‘zingizdan so‘rang: Nima muhim  – miqdormi yoki sifat? Hayotingizda o‘zgarishlar qilishni xohlaysizmi va minimalizmga tayyormisiz? Sizda salbiy energiya borligini his qilyapsizmi? Minimalizm faqat kamroq narsaga egalik qilish emas – bu erkinlik hamdir. Minimalizmning afzalliklari o‘z vaqtingizga egalik qilish va aksincha, mol-mulkingizga egalik qilmaslik erkinligini o‘z ichiga oladi. Iste’molchilikning yolg‘on imtiyozlari va va’dalariga emas, balki haqiqiy baxtni topishga e’tibor qarating.  

                                                       Internet materiallari asosida tayyorlandi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring