Dunyoda birinchi: Yaponiyada Parkinsonni davolovchi noyob doriga ruxsat berildi
Yaponiyada Parkinson kasalligini davolash uchun induksiyalangan plyuripotent ildiz hujayralari (iPS-hujayralar) asosida ishlab chiqilgan dori vositasidan foydalanishga qisman ruxsat berildi. Bu haqda Kioto universiteti qoshidagi iPS-hujayralarni tadqiq etish va qo‘llash instituti xabar berdi.
Institut direktori Dzyun Takaxasi buni tibbiyotdagi «ulkan qadam» deb atab, ushbu davolash usuli tez orada ishonchli standartga aylanishi uchun muassasa bor kuchini safarbar qilishini ta’kidladi.
Ishlab chiqilgan dori vositasi iPS-hujayralaridan yetishtirilgan asab hujayralarini o‘z ichiga oladi. Ular Parkinson kasalligiga chalingan bemorning miyasiga transplantatsiya qilinadi.
2024-yil aprel oyida o‘tkazilgan sinovlar bemorlarning ahvolida ijobiy o‘zgarishlar borligini ko‘rsatdi.
Dorini ishlab chiqaruvchi Sumitomo Pharma kompaniyasi ushbu mahsulotni Amshepuri savdo belgisi ostida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza bergan va u tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilgan. Bundan tashqari, xuddi shunday hujayralar asosida ishlab chiqilgan ishemik kardiomiopatiya (yurak kasalligi)ni davolovchi dori ham qisman ma’qullangan. Har ikki dori vositasi hozircha dunyoda yagona va o‘xshashi yo‘q, deyiladi xabarda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter