YeI Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi
Yevropa Ittifoqi davlatlari sammit yakunlariga ko‘ra Ukrainaga 2026–2027 yillar uchun 90 milliard yevro miqdorida kredit ajratishga kelishib oldi. Ushbu moliyaviy yordam YeIning umumiy budjeti hisobidan ta’minlanadi va Rossiyaning G‘arbda muzlatilgan aktivlaridan foydalanilmaydi. Bu haqda Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta ma’lum qildi.
«Biz kelishuvga erishdik. Ukrainaga 90 milliard yevro hajmida qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror ma’qullandi. Biz olgan majburiyatlarimizni bajardik», — deb yozdi Koshta X ijtimoiy tarmog‘ida.
Politico nashriga ko‘ra, Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shma qarz olish mexanizmida Vengriya, Slovakiya va Chexiya ishtirok etmaydi. Bu davlatlar Kiyevga qo‘shimcha moliyaviy yordam ajratishga qarshi chiqqan.
Shu bilan birga, Rossiya Markaziy bankining 2022-yilda urush boshlanganidan keyin G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan aktivlaridan foydalanish masalasida YeI yetakchilari yakdil qarorga kela olmadi. Agence France-Presse manbasiga ko‘ra, uzoq muhokamalardan so‘ng bunday «reparatsion kreditlar»ni joriy etish qo‘shimcha huquqiy va texnik ishlarni talab qilishi aniq bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Markaziy bankining taxminan 260 milliard yevro miqdoridagi aktivlari G‘arbda muzlatib qo‘yilgan. Ularning katta qismi — 193 milliard yevro — Belgiyadagi Euroclear depozitariysida saqlanmoqda. Yevropa komissiyasi ushbu aktivlar hisobidan Ukrainaga kredit berish, keyin esa urush tugagach, Rossiya tomonidan yetkazilgan zarar qoplanishi orqali qarzni yopish g‘oyasini ilgari surgan edi.
Biroq Belgiya bu taklifga yuridik xatarlar sabab qat’iy qarshi chiqdi. Keyinchalik Italiya, Bolgariya va Malta ham uni qo‘llab-quvvatladi. Vengriya va Slovakiya esa Rossiya aktivlaridan foydalanishga oid tashabbuslarni avvaldan tanqid qilib kelmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter