Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Erdo‘g‘on Isroilni provokatsiyada aybladi

Erdo‘g‘on Isroilni provokatsiyada aybladi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on so‘nggi kunlarda dunyo hamjamiyati e’tiborida bo‘lib turgan Eron–Isroil ziddiyatiga munosabat bildirdi.

Siyosatchiga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hamda uning «qonsiragan hukumati» Yaqin Sharqda taranglikni kuchaytirib, beqarorlikni avj oldirmoqda.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, joriy yil 1 aprel kuni Isroil Eronning Damashqdagi konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirib, xalqaro huquq me’yorlari hamda diplomatik vakolatxonalar daxlsizligi prinsini qo‘pol ravishda buzgan edi. Hujum oqibatida ikki nafar eronlik general, jumladan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining Suriya va Livan kuchlari qo‘mondoni Muhammad Rizo Zohidiy hamda elchixonaning 5 nafar xodimi halok bo‘ldi.

Tehron bunga javoban 13 aprel oqshomida Isroil tomon o‘nlab dron va raketalarni uchirdi.

Prezident Erdo‘g‘on Damashqdagi diplomatik vakolatxonaga hujumni provokatsiya deb atagan.

«Isroil hukumati (2023 yil) 7 oktyabrdan buyon mintaqada urush olovini yoyish uchun provokatsion qadamlar tashlamoqda. Isroil tomonidan Damashqdagi Eron elchixonasiga xalqaro huquq va Vena konvensiyasiga zid ravishda hujum uyushtirilgani so‘nggi tomchi bo‘ldi. Ayrim mamlakatlarni aytmaganda, hech kim bunga munosabat bildirmadi. Eronning javobidan keyin esa ular qoralash bo‘yicha musobaqaga kirishishdi. Aslida birinchi navbatda Netanyahu qoralanishi kerak», – deydi Turkiya yetakchisi. 

Erdo‘g‘on G‘azo sektorida minglab begunoh inson o‘limiga olib kelgan urush ikkinchi planga tushib yoddan ko‘tarilmasligi, xalqaro hamjamiyat Tel-Aviv ma’muriyatini harbiy harakatlardan tiyish yo‘lida chora ko‘rishi kerakligini ta’kidlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring