Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kesib o‘tayotgan kemalarni ogohlantirdi
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida harakatlanayotgan yuk kemasi snaryad zarbasiga uchradi. Britaniya harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida kemaning boshqaruv qismi shikastlangan, biroq halok bo‘lganlar yoki atrof-muhitga zarar yetgani haqida ma’lumot yo‘q.
Hodisa Ummon sohillaridan 7,5 dengiz mili uzoqlikda sodir bo‘lgan. Bu voqea Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali Tehron ruxsatisiz harakatlanayotgan kemalarni yana bir bor ogohlantirganidan bir necha soat o‘tib yuz bergan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda IIMK dengiz kuchlari nomidan berilgani aytilgan radioogohlantirish eshitiladi. Unda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanish faqat Eron ruxsati va belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilishi kerakligi aytilgan.
Shu bilan birga, Ummon BMTning Xalqaro dengiz tashkiloti bilan hamkorlikda kemalar uchun yangi xavfsiz marshrutni ishga tushirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur yo‘lak orqali o‘tgan kemalar soni keskin oshgan.
Eron esa ushbu yo‘nalish mamlakat bilan kelishilmasdan tashkil etilganini bildirib, uni «maqbul emas va o‘ta xavfli» deb baholadi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Fors ko‘rfazi arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda Vashington va uning ittifoqchilari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovining erkinligini ta’minlashda davom etishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi dengiz yo‘lagi ochiq qolishi muhim ahamiyatga ega.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter