Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron telekanali Trampning o‘g‘li haqda sirli rolik namoyish qildi

Eron telekanali Trampning o‘g‘li haqda sirli rolik namoyish qildi

Donald Tramp rafiqasi Melaniya hamda o‘g‘li Barron bilan.

Foto: AP

Eron davlat televideniyesida AQSh prezidenti Donald Trampning 20 yoshli o‘g‘li Barron Tramp haqida rolik namoyish etildi. Islom inqilob qo‘riqchilari korpusiga aloqador telekanalda efirga uzatilgan lavha “Barron Trampni qayerda va qanday o‘ldiramiz?” deb ataladi.  

Rolikda Barron Tramp o‘qiydigan universitet manzili, uning korteji harakat yo‘nalishi va maxsiy xizmat agentlarining joylashuvi namoyish etiladi va AQSh prezidentining o‘g‘li qay yo‘nalishda harakatlanayotgani to‘liq kuzatilayotgani iddao qilinadi.  

Shuningdek, Trampning o‘g‘liga doir ma’lumot uchun 10 million dollar mukofot va’da qilingani ham aytiladi.

Lavhada bir qiz maxfiy qo‘riqlash xizmati ko‘zini shamg‘alat qilgan holda Barron Tramp bilan uchrashgani qayd etiladi.  

Tahlilchilarga ko‘ra, Barron Tramp haqidagi rolik joriy yil iyul oyida Tasnim agentligi e’lon qilgan “Melaniya Tramp qayerda va qanday harakatlanadi?” lavhasini yodga soladi. U lavhada AQSh birinchi xonimining Nyu-York bo‘ylab harakati va qo‘riqlash xizmatining zaif nuqtasi haqida so‘z boradi.  

Eron OAVda Donald Tramp haqida tahdidli lavhalar ko‘p bora efirga uzatilgan. Tehrondagi Islom inqilobi maydonida ham Trampning o‘limiga ishora qiluvchi ulkan peshlavha osilgani ma’lum.

Tramp birinchi prezidentlik davrida – 2020-yilning yanvarida Eronning “Quds” kuchlari qo‘mondoni, nufuzli general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishga buyruq bergan edi. Eron hukumati Sulaymonning o‘limi uchun qasos olinishini aytgan.

2020-yilda Eron huquq idoralari Interpolga AQSh prezidenti Donald Trampni qidiruvdagi jinoyatchilar ro‘yxatiga kiritishni so‘rab murojaat yo‘llagan.

Joriy yil 28-fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli urush boshladi. Muhorabaning ilk kunida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy o‘ldirildi.

Oliy rahbarning o‘limidan keyin Eronda qasos va xun tamoyiliga muvofiq Tramp o‘ldirilishi kerakligi haqida fikrlar yangragan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil iyul oyida Isroil AQSh hukumatiga Eron tomonidan prezident Trampga qarshi yangi suiqasd rejasi tayyorlanayotgani haqida razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan. 

Trampning o‘zi Tehron hukumati unga qarshi suiqasd amalga oshirgudek bo‘lsa, Eron yakson qilinishi haqida bayonot bergan.  

Aksar tahlilchilar Tehron hukumati tomonidan AQSh prezidentiga suiqasd amalga oshirilishi ehtimoli past ekanini aytadi. Chunki dunyodagi eng qattiq qo‘riqlanadigan davlat rahbariga suiqasd uyushtirish va uning muvaffaqiyatli chiqishi amrimaholdir.

Isroilning suiqasd haqidagi so‘nggi ogohlantirishi ham Vashingtonni Eronga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirishga undash maqsadida berilgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida: prezidentlikka nomzodlik davrida Trampga bir necha bor suiqasd amalga oshirilgani va aksar hollarda bunday urinishlarning oldi olingan.

Jumladan, 2024-yil 13-iyul kuni Pensilvaniya shtatidagi saylovoldi uchrashuv payti Trampga qarshi suiqasd uyushtirilgan. 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ismli shaxs tomonidan otilgan o‘q Trampning o‘ng qulog‘ini yalab o‘tgan. Siyosatchi yengil jarohat olgan, mergan esa otib o‘ldirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring