Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eronning Isroilga hujumi shunchaki spektaklmi?..

Eronning Isroilga hujumi shunchaki spektaklmi?..

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroil hududiga o‘nlab dron va raketalar orqali hujum uyushtirgani haqida xabar bergan edik.

Kecha chop etilgan maqolada ikki o‘rtada urush chiqishi ehtimoli tahlil qilingandi.

Ayni paytda xalqaro jamoatchilik Eron va Isroil o‘rtasidagi taranglashib ketgan munosabatlarni qizg‘in muhokama qilmoqda. O‘zbekistonlik ekspertlar ham bu borada o‘z munosabatini bildirmoqda.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, Isroil Eronning Damashqdagi elchixonasiga hujum qilib, stavkani oshirgan edi. Bunga javoban Eron tarixda birinchi marta Isroil hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilib, stavkani yanada oshirdi.

«Eronning Isroilga hujumini ko‘pchilik «spektakl» deb qabul qilibdi. Katta, to‘laqonli va qaqshatqich hujum bilan qo‘rqitish kampaniyasi o‘rtasida katta masofa bor va bu spektakl emas. Eronning maqsadi – Isroilga katta talafot yetkazish emas edi. Maqsad – jiddiyroq javob qaytarish va «Urushdan qo‘rqmayman, urushga tayyorman, kerak bo‘lsa, o‘zingni qo‘rqitaman» deyish edi va dedi. Eron o‘z reputatsiyasini himoya qilish uchun jiddiy ish qildi. Bu hujum, lekin qaqshatqich emas, insoniy talofatlar yo‘q. Lekin Eronda raketalar va dronlar ko‘p va agar istasa, katta va jiddiy talafot yetkaza oladi. Endi «to‘p» Isroilning maydonida. Isroil ham bir tomondan qo‘rqmasligini ko‘rsatish kerak, ikkinchi tomondan katta urushga u ham tayyor emas»,deydi K.Rabbimov. 

Sharqshunos Suhrob Bo‘ronov Eronning Isroilga hamlasini «axborot niqobidagi proksi urushi» deb hisoblaydi.

«AQSh va Isroil Erondagi rejimni saqlanib qolishidan manfaatdor davlatlar sanaladi. Chunki Erondagi boshqaruv rejimi Yaqin Sharq mintaqasida sunniy va shia raqobatining bo‘lib turishi hamda musulmon olamining birlashuviga qarshi «boshqariladigan beqarorlik» muhitini yaratish uchun juda zarur. Ayrim arab monarxiyalari aynan sunniy-shia nizosi sababli va Sem tog‘aning bosimi ostida Erondan ko‘ra Isroil tomonida bo‘lishni afzal ko‘rmoqda. O‘z navbatida, Yaqin Sharqdagi strategik ahamiyatga ega musulmon davlatlaridan foydalanish holatlari Eron va Isroil (AQSh) tomonlari uchun odatiy holga aylangan. Masalan, AQSh Eron generali Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishda Iroqdan foydalangan bo‘lsa, Isroil Eron generali Muhammad Zohidiyni yo‘q qilishda Suriyadan foydalandi. Eron esa Isroilga qarshi Livan, Yaman hududlaridan javob zarbasi berganini ma’lum qildi. Boshqacha aytganda, Eronning Isroildan oladigan «qasosi» ommani media orqali boshqarish uchun kerak, xolos. Undan ortig‘iga qo‘l urushi amaldagi Tehron rejimini xavf ostiga qo‘yadi. Xullas, buni axborot niqobidagi proksi urushi deb atash mumkin. Ko‘rinib turganidek, ikkala davlat to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir-biri bilan urushmaydi. Bu o‘yinda faqat Falastin, Suriya, Iroq, Livan, Yaman singari davlatlar jabr ko‘radi»,deya mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi S.Bo‘ronov.

Tahlilchi Muhammadqodir Sobirov o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun urushlarni yuzaga keltirish barcha diktaturalarga xos odat ekanini ta’kidlaydi.

«Diktaturalar bir xil bo‘ladi. Taxtni saqlab qolish uchun ketma-ket muammolar yaratadi. G‘azodagi urush deyarli tugab, hatto o‘z fuqarolari va ittifoqchilari ham uning harakatlarini qoralashni boshlagach, Netanyahu yangi keskinlik yaratishga tushdi va kafolatlangan raqib – Eronga zarba berdi. Endi yana xavf paydo bo‘ldi, ya’ni aholini chalg‘itish uchun yangi sabab bor. Netanyahuning siyosiy umri yana uzaydi. Bu Putinning avval Checheniston, so‘ng Gruziya, keyin Ukraina bilan boshlagan urushlari analogi»,deydi u.

Tahlilchiga ko‘ra, Eronga ham bu urush zarar qilmaydi. Chunki mamlakat aholisi hukumatdan norozi. Ayni choqda, u agar katta urush boshlansa Eron qudratli raqib qarshisida yolg‘iz qolishi, chunki uning tarafdorlari o‘z muammolari bilan band ekanini qayd etgan.

«Davletov» kanali esa Tel-Aviv ham, Tehron ham «oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan» siyosiy markazlar ekaniga e’tibor qaratgan.

«Bitta narsani unutmaslik kerakki, Eron shu paytgacha Isroilga qarshi «proksi» urush olib borar edi. Ya’ni «boshqalarning hududidan boshqalarning qo‘li bilan» hujumlar uyushtirar edi. Bu gal esa o‘z hududidan hujumni amalga oshirdi. Ekspertlar Eron ham, Isroil ham endi hovuridan biroz tushishiga umid qilmoqda. Lekin ikkala taraf ham «oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan» davlatlar sirasiga kiradi. Qolganini vaqt ko‘rsatadi», – deb xulosa qiladi muallif.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring