Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevrokomissiya Ukrainaga 50 milliard yevroga qadar ko‘mak taklif qildi

Yevrokomissiya Ukrainaga 50 milliard yevroga qadar ko‘mak taklif qildi

Yevropa komissiyasi Rossiya bosqiniga uchragan Ukrainani qayta tiklash va oyoqqa turg‘azish uchun moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida maxsus jamg‘arma tuzishni taklif qildi. Jamg‘arma orqali Ukrainaga 2024-2027 yillarda 50 milliard yevroga qadar moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.

«Ukraina Rossiya bosqiniga qarshi mardonavor kurashmoqda. Buning oqibatida yuzaga kelgan ulkan xarajatlarni qoplash uchun mamlakat bizning barqaror moliyaviy ko‘magimizga muhtojdir. Yevropa Ittifoqi Ukraina tomonida qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt turishga va’da bergan. Biz so‘zimiz ustidan chiqamiz. Bugun biz Ukrainaga agressiyaga qarshi kurash va mamlakatni zamonaviy, farovon holatga keltirish uchun 2024 yildan 2027 yilga qadar 50 milliard yevroga qadar ko‘mak imkonini ko‘rib chiqishni taklif etmoqdamiz», – deydi Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen.

Yangi dastur Ukrainaning makromoliyaviy barqarorligini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, YeIga a’zolik yo‘lidagi islohotlarni dastaklashga qaratilgan. Bu jarayonda, xususan, yashil, raqamli va inklyuziv iqtisodiyotga o‘tish qo‘llab-quvvatlanadi.

Taklif etilayotgan dastur doirasida Kiyevga grant va boshqa shaklda moliyaviy ko‘mak taqdim etiladi. Uni olish uchun Ukraina hukumati mamlakatni tiklash va modernizatsiya qilish bo‘yicha reja tayyorlashi lozim. Davlat boshqaruvi islohotlari, qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash maqsadlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Amaldagi tartibga muvofiq ushbu tashabbus Yevropa parlamenti va kengashi tomonidan o‘rganib chiqiladi. U qabul qilinganidan keyin Ukraina tegishli reja va hujjatlarni topshirishi mumkin bo‘ladi.

Yevropa Ittifoqi Rossiya bosqinidan keyin Ukrainaga xayrixohlik va ko‘mak borasida birdamlik ko‘rsatdi. 2023 yil may holatiga ko‘ra, YeI, unga a’zo davlatlar va Yevropa moliya institutlari Ukraina xalqiga 70 milliard yevrodan ziyod ko‘mak ko‘rsatgan. Ittifoq mamlakatlari urush boshlanganidan buyon 4 milliondan ziyod ukrainalik qochqinni bag‘riga olgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring