Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

FT: Isroil razvedkasi Xomanaiyni Tehrondagi yo‘l kameralari orqali kuzatgan

FT: Isroil razvedkasi Xomanaiyni Tehrondagi yo‘l kameralari orqali kuzatgan

Isroil razvedkasi Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiyning harakatlarini aniqlash uchun Tehrondagi yo‘l kuzatuv kameralariga kirish imkoniga ega bo‘lgan. Bu haqda Financial Times nashri manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Isroil maxsus xizmatlari bir necha yil davomida to‘plangan razvedka ma’lumotlari asosida operatsiyani amalga oshirgan. Manbalarning aytishicha, Tehrondagi ayrim yo‘l kameralari buzib kirilgan va ulardan olingan tasvirlar shifrlangan holda Isroildagi serverlarga yuborib turilgan.

Kameralardan biri Xomanaiyning Tehrondagi Paster ko‘chasida joylashgan qarorgohi atrofidagi avtoturargohni kuzatish imkonini bergan. Bu orqali razvedka xodimlari qo‘riqlanadigan majmua qanday ishlashini va uning xavfsizlik tartiblarini o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan.

Manbalarning ta’kidlashicha, Isroil Xomanaiy qarorgohi atrofida joylashgan bir nechta mobil aloqa minoralarining ayrim qismlarini ham ishdan chiqargan. Bu esa qo‘ng‘iroq qilinganda telefonlar band bo‘lib ko‘rinishiga sabab bo‘lgan.

Natijada xavfsizlik xizmati ehtimoliy tahdidlar haqidagi ogohlantirishlarni qabul qila olmagan.

«Biz Tehronni Iyerusalimni bilgandek yaxshi o‘rganib chiqqan edik. Agar biror joyni bolaligingizdan bilgan ko‘cha kabi yaxshi bilsangiz, u yerdagi har qanday g‘ayritabiiy holatni darhol payqaysiz», – degan Isroil razvedkasida ishlaydigan manbalardan biri nashrga.

Avvalroq The New York Times nashri ham Xomanaiy bir necha oy davomida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) tomonidan kuzatilganini xabar qilgan.

Ma’lum qilinishicha, 28-fevral kuni ertalab Xomanaiy qarorgohida Eronning yuqori lavozimli amaldorlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lgan.

Manbalarga ko‘ra, MRB Xomanaiyning joylashuvi haqidagi «yuqori ishonch darajasiga ega» ma’lumotni Isroilga taqdim etgan. Bu ma’lumotlar asosida Isroil bir necha oy tayyorlangan maxsus operatsiyani amalga oshirgan.

Eslatib o‘tamiz, Yaqin Sharqdagi keskinlik 28-fevral kuni Isroil va AQSh Eron hududidagi ob’yektlarga zarbalar berganidan keyin yanada kuchaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring