G‘azo ahli Ramazonni qanday o‘tkazmoqda? (foto)
Ro‘zadorlar Xon Yunusdagi jamoat oshxonasidan yegulik olishga urinmoqda. Foto: AP
G‘azo aholisi uchinchi yildirki muqaddas Ramazon oyini qo‘rquv, tahlika muhitida, oziq-ovqat taqchilligi sharoitida va insoniy sharoitdan mosuvo holda o‘tkazmoqda.
Buyuk Britaniyaning The Independent gazetasi Jahon oziq-ovqat dasturi vakiliga tayanib yozishicha, 2023 yil oktyabr oyidan buyon urush holatida kun kechirayotgan g‘azolik oilalar Ramazonni asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan mahrum holda boshladi.
“Yodimda, Ramazonda ko‘chalarimiz fonuslarning yorqin nuriga cho‘mar, shom mahali chor tomon yangi pishirilgan nonning xush isiga to‘lar, taroveh namozidan keyin esa hammayoqda bolalarning kulgisi yangrar edi. Oila ahli jam bo‘lar, mehmonlarga eshiklarimiz ochiq edi. Hatto tunda ham hayot qaynar edi”, – deya yaqin kechmish xotiralarini so‘zlab bergan g‘azolik The Independent muxbiriga.
Ikki yillik bombardimonlardan keyin 72 ming falastinlik halok bo‘ldi, yana 11 ming nafari vayronalar ostida qolmoqda.
90 foiz turarjoylar vayron bo‘lgan G‘azoda hozirda yuz minglab odam chodirlarda – suvsiz, yonilg‘isiz, elementar qulayliksiz jon saqlamoqda.
“Ilgari Ramazonni mo‘’tabar mehmon kabi fonarlar, shirinliklar va barakali xaridlar bilan qarshilardik... Bu yil dasturxonimiz kamtarin, ammo ibodatlarimiz kuchli”, – deydi g‘azolik Ibrohim.
Al Jazeera telekanali hikoya qilishicha, G‘azo sektorida tinchlik sulhi tuzilganiga to‘rt oy to‘lgan bo‘lsa-da, AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonda Tinchlik kengashini o‘tkazgan bir pallada g‘azoliklar saharlik va iftorlik qilish uchun vayronalar ichida qo‘lbola o‘choqlar yasab, amal-taqal non pishirish yoki faqirona taom hozirlashga majbur bo‘lmoqda.
G‘azoda taroveh namozi. Foto: AP
“Bu yil Ramazon urush davridagidan yaxshiroq o‘tadi deb umid qilgandik. Afsuski, vaziyat yanada yomonlashdi”, – deydi muqaddas oyni uchinchi marta kultepalar orasida qarshilayotgan Nisrin Nassar.
Bu oila urush mobaynida G‘azo bo‘ylab bir necha bor boshpanasini o‘zgartirdi.
“Maktabda jon saqlayotgan ko‘plab falastinliklar uchun iftor bu Isroil qatliom orqali ham sindira olmagan qat’iy iroda bayramidir”, – deydi oila boshlig‘i.
Rafah va Xon Yunusdagi falastinliklar saharlik va iftorda konserva va yem aralashtirilgan undan pishirilgan nonga qanoat qilmoqda. Aksar masjidlar bomba ostida qolgani sababli musulmonlar taroveh namozini vayronalar orasida o‘qimoqda, deb yozadi TRT.
Vayron etilgan masjid tegrasidagi chodirlar. Foto: Reuters
Cuv taqchilligi sabab ba’zi hududlarda tahorat olish ham imkonsiz bo‘lmoqda.
Yeni Şafak nashri yozishicha, so‘nggi kunlarda G‘azodagi ayrim oziq-ovqat do‘konlari qayta ochilgan. Ammo mahsulot narxi o‘ta qimmatligi sabab odamlar mavjud oziq-ovqatni ham sotib ololmayotir.
2025 yil 10 oktyabr kuni sulh bitimi kuchga kirganidan keyin ham Isroil hujumlari oqibatida kamida 611 kishi halok bo‘lgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter