G‘azo genotsidida 250 dan ortiq O‘zbekiston fuqaroligi bo‘lgan shaxslar ham ishtirok etgan – Al Jazeera
G‘azodagi urush fonida Isroil armiyasi safida xizmat qilayotgan xorij fuqarolari masalasi xalqaro miqyosda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Isroil nodavlat tashkiloti Hatzlacha tomonidan OAVga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil Qurolli kuchlarida xizmat qilayotgan 50 mingdan ortiq askar kamida yana bir fuqarolikka ega.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng katta guruhni AQSh fuqarolari tashkil etadi – 12 mingdan ortiq askar AQSh pasportiga ega. Shuningdek, Fransiya, Rossiya, Ukraina, Germaniya, Buyuk Britaniya, Braziliya, Kanada va boshqa davlatlar fuqarolari ham xizmat qilayotgani qayd etilgan. Ushbu raqamlar 2025-yil mart holatiga tegishli.
Al Jazeera keltirgan ro‘yxatda, jumladan, O‘zbekiston fuqaroligi bo‘lgan 264 nafar fuqaro ham Isroil armiyasi safida G‘azoga qarshi urushga kirgani aytiladi. Nashrga ko‘ra, ular ikki davlat fuqaroligiga ega. Shuningdek, yana 5 nafar fuqaro bir nechta (jumladan, O‘zbekiston) davlat fuqarosi hisoblanadi.
Shuningdek, MO davlatlaridan:
- Qozog‘iston – 189 nafar (ikki fuqarolik), 3 nafar (ko‘p fuqarolik);
- Qirg‘iziston – 52 nafar (ikki fuqarolik), 3 nafar (ko‘p fuqarolik);
- Turkmaniston – 31 nafar (ikki fuqarolik), 2 nafar (ko‘p fuqarolik);
- Tojikiston – 8 nafar (ikki fuqarolik) fuqaro Isroil armiyasi safida janglarda ishtirok etgan.
Isroil qonunchiligiga ko‘ra, chet elda yashovchi ikki fuqaroligi bo‘lgan shaxslar uchun harbiy xizmat majburiy emas, ko‘p hollarda bu ixtiyoriy qaror hisoblanadi. Ayrim huquqshunoslar aynan ixtiyoriy xizmat fakti javobgarlikni yanada kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Xalqaro huquqda harbiy jinoyatlar uchun muddat cheklovi qo‘llanilmaydi. Demak, ehtimoliy jinoyatlar bo‘yicha javobgarlik yillar o‘tgach ham qo‘llanilishi mumkin.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra ham nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan mamlakat fuqarosining moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet davlat fuqaroligiga mansubligi O‘zbekiston Respublikasida tan olinmasligi ham belgilab qo‘yilgan.
Mutaxassislar fikricha, amalda jinoyat ishini qo‘zg‘atish siyosiy muhitga bog‘liq. Jamoatchilik fikri va siyosiy iroda kuchaygan taqdirda, milliy huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar bunday ishlarni boshlashga ko‘proq tayyor bo‘ladi.
Hozircha ikki fuqarolikli askarlardan birortasi ham G‘azodagi ehtimoliy harbiy jinoyatlar uchun hibsga olingani yoki sudlangani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Biroq xalqaro tashkilotlar va huquq himoyachilari bu masalani kun tartibida saqlab qolmoqda.
G‘azodagi harbiy amaliyotlar bir qator xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan ehtimoliy harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sifatida baholanmoqda. Shu nuqtai nazardan, ikki fuqarolikka ega askarlar ham javobgarlikka tortilishi mumkinmi, degan savol kun tartibiga chiqmoqda.
Qatardagi Hamad bin Xalifa universiteti professori Ilias Bantekaning ta’kidlashicha, xalqaro huquqda harbiy jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik fuqarolikka bog‘liq emas. Ya’ni, shaxs ikki yoki bir fuqarolikka ega bo‘lishidan qat’i nazar, ehtimoliy jinoyat uchun javob beradi.
Uning fikricha, asosiy muammo — gumon qilingan shaxsni muayyan davlat hududiga olib kelish va sud oldiga chiqarishdir. Amaliyotda bu siyosiy va diplomatik omillar bilan bog‘liq qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil dekabrda Janubiy Afrika Respublikasi Xalqaro jinoyat sudiga murojaat qilib, Isroilni 1948 yilgi Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzganlikda ayblagandi. 2024-yil yanvarda sud vaqtinchalik choralar qo‘llash to‘g‘risida qaror chiqarib, gumanitar yordamni to‘smaslik va ehtimoliy genotsid harakatlarining oldini olishni talab qildi.
Keyinchalik Isroil Bosh vaziri Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter