Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya afg‘onlarni vataniga deportatsiya qilishga kirishdi

Germaniya afg‘onlarni vataniga deportatsiya qilishga kirishdi

Germaniya hukumati 30 avgust kuni bir guruh afg‘onlarni o‘z vataniga qaytardi. Deportatsiya jarayoni Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga «Tolibon» harakati kelgan 2021 yildan buyon ilk bor amalga oshirilgan.

Germaniya hukumati rasmiy vakili Shteffen Hebeshtrayt Afg‘onistonga qaytarilgan shaxslar «jinoyatchilar» ekani va ular «olmon zaminida qolishga haqli emas»ligini aytgan. 

«Der Spiegel» jurnali yozishicha, afg‘onlar Leypsig aeroportidan Qatar Airways shirkati samolyoti orqali badarg‘a qilingan. Berlin hukumati «Tolibon» ma’muriyati bilan rasmiy aloqaga ega emasligi sabab jarayonga Qatar davlati ko‘mak bergan va vositachilik qilgan.

«Yevronyus» xabariga ko‘ra, Germaniyadan surgun qilingan dastlabki guruh 28 nafar afg‘ondan iborat. 

Rasmiylar deportatsiya jarayoniga bir necha oy davomida hozirlik ko‘rilganini ma’lum qilgan. Zolingen shahrida suriyalik muhojir tomonidan uyushtirilgan va uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan hujum jarayonni yanada tezlashtirgani aytilmoqda. Ushbu hujumdan keyin olmon muxolifati hukumatdan migrantlarga nisbatan tartib-qoidani qattiqlashtirishni talab qilgan. Ichki ishlar vazirligi shubhali deb topilgan  qochqinlarni deportatsiya qilish jarayonini yengillashtirish niyatida.

«Xavfsizlik omili shaxsni himoya qilish zaruratidan ustun», demoqda Berlin rasmiylari.

Germaniya adliya vaziri Marko Bushman 29 avgust kungi matbuot anjumanida qayd etishicha, hukumat Zolingendagi hujumdan keyin xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ma’qullagan. Jumladan, qurol ishlatgan qochqinlarni surgun qilishni soddalashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Moldova, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Keniya va Filippin bilan noqonuniy muhojirlarni qaytarish bo‘yicha qo‘shimcha migratsiya bitimlari tuzilishi rejalashtirilmoqda. 

Joriy yil iyun oyida Germaniya hukumati O‘zbekiston bilan mamlakatdan majburan chiqarib yuboriladigan afg‘onlar masalasida muzokara olib borayotgani xabar qilingan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Germaniya ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Toshkentga muzokara uchun kelgan. Rasmiy Berlin deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan afg‘onlarni avval Toshkentga yuborib, so‘ngra xususiy aviashirkat uchoqlarida Kobulga jo‘natish niyatini bildirgan.

Olmon matbuotiga ko‘ra, rasmiy Toshkent Berlin tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Buning evaziga Germaniyadan O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat muhojirligini qulaylashtiruvchi bitim tuzish talab qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring