Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya prezidenti demokratiyani himoya qilish zarurati haqida gapirdi

Germaniya prezidenti demokratiyani himoya qilish zarurati haqida gapirdi

Germaniya zamonaviy davlatchiligi tarixida muhim hodisa – Konstitutsiyaviy kengash ta’sis qilinganiga 75 yil to‘ldi. Ushbu sana munosabati bilan tashkil qilingan marosimda mamlakat prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer demokratiyani himoya qilish zarurati haqida gapirdi.

«Siyosatchidan tortib fuqaroga qadar – har birimiz demokratiyamizni asrab-avaylashga mas’ulmiz. Biz uni himoya qilishimiz kerak. Demokratik tartibotimiz diktatura, urush va genotsid ko‘lankasida dunyoga kelganini unutmaylik», – deb ta’kidlagan federal prezident.

Eslatib o‘tamiz, 1948 yilning avgustida Bavariya qiroli Lyudvig II ning qarorgohi – Herrenkimze qasrida Konstitutsiyaviy kengash majlislari bo‘lib o‘tgan. G‘arbiy hududlar vakillaridan iborat Kengash Ikkinchi jahon urushi xatolaridan saboq chiqargan olmon davlatining Asosiy qonuni tamoyillarini ishlab chiqishi lozim edi.

Konstitutsiyaviy kengashning tarixiy ahamiyati shundaki, ikki hafta ichida nafaqat Germaniya, balki butun taraqqiyparvar G‘arb kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etgan hujjat tarhi tayyorlangan.

Bahs-munozaralar jarayonida federal hukumatning keng vakolatlarga ega bo‘lishi, federal prezidentning betarafligi kabi masalalarda mushtarak xulosaga kelingan. Mamlakat demokratik-huquqiy yo‘lni tanlagani belgilangan.

Keyinroq Bonn shahrida atoqli davlat arbobi Konrad Adenauer raisligida yig‘ilgan Parlament kengashi Konstitutsiyaviy kengashning asosiy takliflarini qabul qilgan. Ushbu loyiha pirovardida 1949 yilning 8 mayida Germaniya Konstitutsiyasi qabul qilinishiga asos bo‘lgan.

Diqqatga molik jihati, «Konstitutsiya otalari» mamlakatning sharqiy hududlari – Germaniya Demokratik Respublikasining birlashuvi omilini ham nazardan qochirmagan. 1990 yil 3 oktyabrda g‘arbiy va sharqiy hududlar birlashganidan keyingina ushbu hujjat butun olmon xalqining Konstitutsiyasi deb e’tirof etilgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring