Grenlandiya masalasi Davosdagi forum kun tartibiga soya soladigan ko‘rinadi
Kecha, 19-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida 56-Butunjahon iqtisodiy forumi o‘z ishini boshladi. An’anaviy ravishda global iqtisodiy muammolar muhokama qilinadigan ushbu maydon bu yil geosiyosiy tortishuvlar markaziga aylandi.
Forumda dunyoning 130 davlatida 3 mingga yaqin ishtirokchi — davlat rahbarlari, yirik korporatsiyalar yetakchilari, iqtisodchilar va olimlar qatnashmoqda. Bu yilgi anjumanning e’tibor markazida AQSh prezidenti Donald Tramp turibdi. U bir necha yillik tanaffusdan so‘ng Davosga shaxsan tashrif buyurib, eng yirik amerikalik delegatsiyaga boshchilik qilmoqda.
Forum arafasida Trampning Grenlandiya bo‘yicha rejalari va ushbu masala yuzasidan Yevropa ittifoqi davlatlariga nisbatan savdo bosimini kuchaytirgani yevropalik siyosatchilarda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Bu holat AQSh va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirib yubordi.
Yevropa ittifoqida, o‘z navbatida, ehtimoliy javob choralari muhokama qilinmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, Bryussel qiymati taxminan 93 milliard yevroga teng bo‘lgan qarshi tariflarni joriy etish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Agar bu qaror amalga oshsa, so‘nggi yillardagi eng yirik savdo to‘qnashuvlaridan biri yuzaga kelishi mumkin.
Odatda global iqtisodiy o‘sish, barqaror taraqqiyot va moliyaviy xatarlar forumning asosiy mavzusi bo‘lib kelgan. Biroq bu yil iqtisodiy masalalar ikkinchi darajaga surilib, asosiy muhokamalar AQSh va Yevropa o‘rtasidagi geosiyosiy ziddiyatlar, xususan, Grenlandiya atrofidagi bahsga qaratildi.
Shu bilan birga, forum kun tartibida Ukraina va Yaqin Sharqdagi davom etayotgan mojarolar, ularning jahon xavfsizligiga ta’siri ham muhim o‘rin tutmoqda. Alohida sessiyalarda sun’iy intellektning global iqtisodiyot va xavfsizlikka ta’siri, shuningdek, dunyoda iqtisodiy tengsizlikning chuqurlashib borayotgani kabi masalalar ham muhokama qilinmoqda.
Forum tashkilotchilarining ta’kidlashicha, Davos anjumani endilikda faqat iqtisodiy muloqot maydoni emas, balki global siyosiy qarorlar shakllanadigan muhim xalqaro platformaga aylangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter