Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Icroil G‘azo va Livanda taqiqlangan qurol ishlatdi

Icroil G‘azo va Livanda taqiqlangan qurol ishlatdi

Isroil armiyasi 10 va 11 oktyabr kunlari G‘azo sektori hamda Livan hududiga oq fosfor bombasini tashladi. Bu haqda xabar bergan Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti mazkur turdagi qurol tinch aholi hayotiga jiddiy xatar tug‘dirishidan ogohlantirgan.

«Dunyodagi aholi eng zich yashaydigan mintaqalardan biri sanalgan G‘azoda oq fosfor qo‘llanishi tinch fuqarolar hayoti uchun tahdiddir. Bu holat tinch aholi vakillariga nomaqbul xatar tug‘dirishni man etuvchi xalqaro gumanitar huquqqa ham zid sanaladi», – deyiladi xalqaro tashkilot bayonotida.

Oq fosfor tez alangalanuvchi modda bo‘lib, harbiylar tomonidan tutunli parda hosil qilish va dushman ob’yektlarini yo‘q qilish maqsadida qo‘llanadi. Kislorod bilan reaksiyaga kirishib, quyuq tutun hosil qiluvchi oq fosfor inson terisini kuydirish va tananing ichki to‘qimalarini parchalash orqali o‘limga olib kelishi mumkin.

«Oq fosforni aholi zich hududlarda qo‘llash tana kuyishi va butun umr ta’qib etadigan xastalikka olib keladi», – deydi Human Rights Watch tashkilotining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori Lama Fakix.

Amnesty International inson huquqlari tashkiloti ham Isroil tomonidan oq fosfor qo‘llanganini tasdiqlagan.

«Biz favqulodda xavotirli hodisani diqqat bilan o‘rganmoqdamiz. Amnesty International Isroilni xalqaro gumanitar huquqqa rioya etish va tinch aholi himoyasini ta’minlashga chaqiradi», – deyiladi bayonotda.

Isroil armiyasi 2008-2009 yillarda ham G‘azoda oq fosfor bombalaridan foydalangan. 2013 yilda ushbu mamlakat rasmiylari aholi yashash manzillarida undan foydalanmasliklari haqida bayonot bergan.

Jeneva konsensiyasi protokoliga ko‘ra, bu turdagi qurollarni tinch  aholi yashayotgan hududlarda qo‘llash man etiladi.

Isroil kuchlari HAMASning 7 oktyabr kungi hujumiga javoban 2,3 million nufusli G‘azoga bomba yog‘dirishda davom etmoqda. BMT qamal ostidagi mintaqada gumanitar inqiroz chuqurlashayotgani haqida bong urmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring