Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil Livanga qancha zarar keltirgani ochiqlandi

Isroil Livanga qancha zarar keltirgani ochiqlandi

Bayrut shahri Isroil bombardimonidan keyin. 

Foto: YuNISEF

Livan bosh vaziri Najib Miqotiy mamlakatga Isroil hujumlari oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdorini ma’lum qildi.

«Jahon banki ma’lumotlariga qaraganda, harbiy harakatlardan ko‘rilgan iqtisodiy zarar 8,5 milliard dollarni tashkil etmoqda. Livandagi yuz ming uy to‘liq yoki qisman vayron bo‘ldi (3,4 milliard dollar), ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit va boshqa sektorlar iqtisodiy yo‘qotishi esa 5,1 milliard dollarga yetgan», – degan Livan bosh vaziri.

Najib Miqotiy dunyo davlatlari, xususan, arab va islom olamini Livanga qarshi Tel-Avivning harbiy harakatlarini to‘xtatish, mamlakatni qayta tiklash va qochqinlarga g‘amxo‘rlik borasida yordam ko‘rsatishga undagan.

2023-yil 8-oktyabrdan buyon Isroil armiyasi va Livandagi «Hizbulloh» harakati o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda.

O‘tgan bir yil ichida Isroilning Livanga hujumlari oqibatida 3 189 kishi halok bo‘lgan. Ularning 815 nafari ayollar va bolalardir. 

Muttasil aviahujumlar oqibatida yuz minglab aholi uyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

BMT Livandagi vaziyat yuzasidan tashvish bildirib kelmoqda.

Arab davlatlari ligasi Isroildan Livanga hujumlarni to‘xtatish va jabrdiyda aholiga zudlik bilan insonparvarlik ko‘magi ko‘rsatishni talab qilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring