Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Janubiy Koreya razvedkasi: Kim Chen In o‘ta xatarli amaliyotga hozirlik ko‘rmoqda

Janubiy Koreya razvedkasi: Kim Chen In o‘ta xatarli amaliyotga hozirlik ko‘rmoqda

«Xvason-17» raketasi cinoviga shaxsan Kim Chen In boshchilik qilgan.

Foto: KCNA/Reuters

Janubiy Koreya razvedkasi Shimoliy Koreya rahbariyati sinov tariqasida yadro portlashini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda deb hisoblaydi.

Yonhap axborot agentligiga ko‘ra, Shimoliy Koreyadagi Pungeri yadro poligoni tunnellarini tezkor tartibda tiklash ishlari ketmoqda. Tunnel bir oy ichida tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur harbiy poligondagi tunnellar 2018-yilda rasman yopilgan edi.

Janubiy Koreya ekspertlarining fikricha, Pxenyan Koreya xalq armiyasi tashkil topgan kunga qadar (25 aprel) yoki ushbu sanadan keyin yadro sinovini o‘tkazishi mumkin.

Kim Chen In ma’muriyati yadro sinovini amalga oshirishi borasidagi xavotirlar uzoq masofaga uchuvchi raketa parvozidan keyin kuchaydi. 24-mart kuni 15 ming kilometrga qadar yetib boruvchi «Xvason-17» raketasi 71 daqiqali parvozdan keyin Yapon dengiziga quladi. Qit’alararo ballistik raketa sinovi munosabati bilan Pxenyan tarqatgan video bahsi munozaralarga sabab bo‘ldi. Propaganda ruhidagi lavhada charm kurtka kiygan, qora ko‘zoynak taqqan Kim Chen In generallar qurshovida ajal quroli sinoviga boshchilik qilayotgani aks etgan. Dunyo matbuoti bu videolavhani Hollivud uslubidagi kadrlar deb atadi.

Qit’alararo raketa sinovi ortidan AQSh BMT Xavfsizlik kengashida Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni taklif etdi. Vashington taklifi Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, odatdagidek, Rossiya va Xitoy qarshiligiga uchradi.

Yaponiya esa Shimoliy Koreyaning yangi raketasini milliy xavfsizlik hamda xalqaro tartibga tahdid deb atadi, ballistik raketalar AQShga qadar yetib borishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Kunchiqar o‘lka bosh vaziri Fumio Kisida Bryusselda o‘tgan «Katta yettilik» sammitida qo‘shni o‘lkaning raketa sinovini sog‘lom aqldan yiroq xatti-harakat o‘laroq qoraladi va hamkor davlatlarni befarq bo‘lmaslikka chaqirdi. Tokio bu masalada keskin bayonot berayotgani bejiz emas. Chunki «Xvason-17» raketasi Yaponiya chegarasidan atigi 170 km masofada portlagan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Pxenyanning so‘nggi qaltis qadamlari yadro tadqiqotlari bo‘yicha moratoriy bekor bo‘lgani va Kim Chen In yangi provokatsiyalarga hozirlik ko‘rayotganidan dalolat bermoqda.

Shimoliy Koreya 2005-yilda yadro quroli yaratishga harakatlar haqida ochiq bayonot bergan. 2006-yilda ilk yadro portlashi amalga oshirilgan. 2012-yilda Shimoliy Koreya konstitutsiyaga mamlakatning yadro maqomiga doir o‘zgartirish kiritilgan. Xalqaro hamjamiyatning taqiq va e’tirozlariga qaramay, Kim sulolasi o‘lkasi yadro quroliga ega bo‘lish yo‘lidagi sinovlarni davom ettirmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring