Janubiy Koreya sobiq prezidentiga nisbatan o‘lim jazosi talab qilinmoqda
Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq prezident Yun Sok Yolni 2024-yil dekabrida mamlakatda harbiy holat joriy etishga urinish bilan bog‘liq ishda aybdor deb topilsa, unga o‘lim jazosi tayinlashni so‘radi. Bu haqda Seul sudida o‘tgan sud majlisida ma’lum qilindi.
Yun Sok Yolga qo‘yilgan asosiy ayblov — isyonga rahbarlik qilish. Janubiy Koreya qonunchiligiga ko‘ra, bunday ishlarda prokuratura suddan yoki o‘lim jazosini, yoki umrbod qamoq jazosini so‘rashga majbur.
2024-yil dekabr oyi boshida Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etgan, ammo parlament bu qarorni bir necha soat ichida bekor qilgan edi. Shundan so‘ng prezidentga nisbatan impichment e’lon qilingan, u hibsga olingan va sud oldiga olib chiqilgan.
Yun Sok Yol barcha ayblovlarni rad etmoqda. Uning ta’kidlashicha, harbiy holat joriy etish ramziy xarakterga ega bo‘lib, muxolifat harakatlariga jamoatchilik e’tiborini qaratishni maqsad qilgan.
Prokurorlar esa, garchi voqealar davomida qurbonlar bo‘lmagan bo‘lsa-da, prezidentning niyatlari zo‘ravonlikka olib kelishi mumkin bo‘lganini ta’kidlamoqda. Sudda ayrim harbiy rahbarlar Yun qonun chiqaruvchilarni hibsga olish bo‘yicha buyruqlar berganini bildirgan. Shuningdek, harbiy holat rejasi mualliflaridan biri tomonidan tayyorlangan hujjatda yuzlab shaxslarni, jumladan jurnalistlar va deputatlarni «yo‘q qilish» taklif etilgani aytildi.
Janubiy Koreyada so‘nggi qariyb 30 yil davomida o‘lim jazosi ijro etilmagan. 1996-yilda harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelgan sobiq diktator Chon Du Xvan o‘lim jazosiga hukm qilingan, ammo keyinchalik jazo umrbod qamoqqa almashtirilgan edi.
Yun Sok Yol ishi sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va sobiq politsiya rahbari Cho Dji Xo ishlari bilan birlashtirilgan. Sud hukmi 2026-yil fevral oyida e’lon qilinishi kutilmoqda.
2025-yil iyun oyida Janubiy Koreyada o‘tkazilgan navbatdan tashqari saylovlarda Li Chje Myon yangi prezident etib saylangan. Shu bilan birga, Yun Sok Yol hali ham o‘ng qanot siyosiy doiralarda ma’lum miqdorda tarafdorlarga ega.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter