Janubiy Koreyadagi yong‘inda 50 yoshli o‘zbekistonlik bedarak yo‘qoldi
Janubiy Koreyaning Shimoliy Chxunchxon viloyatida joylashgan maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi zavodda yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in 30-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:56 da noma’lum sabablarga ko‘ra boshlangan va qisqa vaqt ichida qo‘shni zavod hududiga ham tarqalgan.
Yong‘in chiqqan paytda korxonada ishlayotgan 83 nafar xodimdan 81 nafari xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan. Biroq Nepal fuqarosi bo‘lgan 20 yoshli ishchi hamda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 50 yoshli ishchi bilan aloqa o‘rnatib bo‘lmayapti. Ular bedarak deb hisoblanmoqda.
Mazkur zavodda nam salfetkalar va bolalar uchun pamperslar ishlab chiqarilgan. Ma’lum qilinishicha, korxonada xavfli kimyoviy moddalar yoki portlovchi materiallar saqlanmagan.
O‘t o‘chirish xizmati hodisa bo‘yicha ikkinchi darajali favqulodda holat rejimini e’lon qildi. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga 105 nafar o‘t o‘chiruvchi, 56 ta texnika va 4 ta vertolyot jalb etilgan.
Kuchli shamol sababli uchqunlar taxminan 500 metr uzoqlikdagi yaqin tog‘ yonbag‘ridagi o‘rmon hududiga ham o‘tib ketgan, ammo bu yong‘in keyinchalik to‘liq o‘chirilgan.
Hozirda yong‘in nazoratga olingach, qutqaruv xizmatlari tomonidan yong‘in sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha tergov ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter