Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Jiddiy zarba»: Netanyaxu Isroil va Livan kelishuvni olqishladi

«Jiddiy zarba»: Netanyaxu Isroil va Livan kelishuvni olqishladi

Isroil Bosh vaziri Isroil, Livan va AQSh o‘rtasida imzolangan uch tomonlama kelishuvni tarixiy voqea deb atadi. Qayd etilishicha, hujjat ikki qo‘shni davlat o‘rtasida uzoq yillardan beri davom etayotgan mojaroga barham berish va kelgusida to‘liq tinchlik shartnomasini imzolash uchun huquqiy asos yaratishga qaratilgan.

Netanyaxu televideniye orqali murojaatida kelishuv AQSh vositachiligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida erishilganini ta’kidladi.

«Kecha Isroil davlati uchun tarixiy kelishuvga erishdik. Bu Eron va «Hizbulloh» uchun jiddiy zarba bo‘ldi», – dedi u.

Kelishuv Vashingtonda o‘tkazilgan besh raundlik muzokaralardan so‘ng imzolangan. Hujjatga muvofiq, Livan qurolli kuchlari hozirda Isroil nazoratida bo‘lgan ayrim hududlarda bosqichma-bosqich o‘z qo‘liga oladi hamda «Hizbulloh»ni qurolsizlantirish jarayonini amalga oshiradi.

Shuningdek, tomonlar qurolli qarama-qarshilikka to‘liq barham berish, uning asosiy sabablarini yo‘qotish va Isroil hamda Livan o‘rtasidagi urush holatiga rasman chek qo‘yish niyatini bildirgan.

Hujjatda «Hizbulloh» qurolsizlantirilgandan keyin Livan armiyasi mamlakatning butun hududi ustidan suveren nazoratni qayta tiklashi nazarda tutilgan.

Biroq Netanyaxu Isroil armiyasi janubiy Livandagi bufer hududni xavfsizlik nuqtai nazaridan zarur deb hisoblangan muddat davomida saqlab qolishini ma’lum qildi.

«Biz bu hududni «Hizbulloh» va boshqa terrorchi guruhlar qurolsizlantirilmaguncha, Livan hududidan Isroilga tahdid butunlay barham topmaguncha tark etmaymiz», – dedi u.

Livan prezidenti Yozef Aun esa kelishuvni mamlakat suverenitetini tiklash yo‘lidagi «birinchi qadam» deb baholadi.

Shu bilan birga, kelishuv har ikki tomonda ham keskin tanqidlarga uchradi.

Isroilning milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Livan hukumatiga ishonib bo‘lmasligini ta’kidlab, «Hizbulloh»ni qurolsizlantirish faqat Isroil mudofaa armiyasi tomonidan amalga oshirilishi mumkinligini bildirdi.

«Livan bilan tuzilgan kelishuv katta xato. Livan hukumatida «Hizbulloh» vakillari bor ekan, ularning ushbu harakatni qurolsizlantirishiga ishonib bo‘lmaydi», – deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

O‘z navbatida, «Hizbulloh» rahbari Naim Qosim ham kelishuvni qattiq qoraladi. U hujjatni Livan hukumati tomonidan yo‘l qo‘yilgan «katta xato» va «taslim bo‘lish» deb atadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring