Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Kafansiz ko‘milganlar» – prezident Makron fransuz politsiyasi dahshatli qatliom sodir etganini tan oldi

«Kafansiz ko‘milganlar» – prezident Makron fransuz politsiyasi dahshatli qatliom sodir etganini tan oldi

Emmanyuel Makron politsiya amalga oshirgan xunrezlikni tan olgan ilk prezident bo‘ldi.

Foto: AFP

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron bundan roppa-rosa 60 yil avval mamlakat politsiyasi jazoirliklarga nisbatan sodir etgan vahshiylikni tan oldi. Bunga qadar Fransiya rahbarlari qatliomni tan olishdan bosh tortib kelgan. 

Gap shundaki, 1961 yilning 17 oktyabr kuni Parij politsiyasi namoyishga chiqqan jazoirliklarni o‘qqa tutgan, o‘nlab tinch namoyishchi otilgan yoki Sena daryosiga g‘arq qilingan. Ular Fransiyaning jazoirliklarga nisbatan ayirmachilik siyosatiga qarshi chiqqan edi.

Fojianing 60 yilligi munosabati bilan Sena bo‘yida tashkil etilgan marosimda qatnashgan Emmanyuel Makron qatliomni keskin qoralab, bu kechirib bo‘lmas jinoyat ekanini qayd etdi.

Politsiya qatliomida vafot etganlar soni aniq emas. Rasmiy Parij 40 nafar jazoirlik halok bo‘lgan deb hisoblaydi. Ammo boshqa manbalarga ko‘ra qurbonlar soni 200 kishidan kam emas.

Makron ma’muriyati tarqatgan bayonotga ko‘ra, o‘sha mash’um kunda Parij politsiyasi boshlig‘i Moris Papon rahbarligidagi mirshablar o‘nlab kishini o‘ldirgan, 12 ming kishini hibsga olgan.

O‘sha mash’um kunda o‘nlab tinch namoyishchi otilgan yoki Sena daryosiga g‘arq qilingan. Foto: AFP

Qatliomga boshchilik qilgan Moris Paponga 1961 yili prezident Sharl de Goll tomonidn mamlakatning yuksak davlat mukofoti –  Faxriy legion ordeni bilan taqdirlangan. U keyinroq budjet vaziri maqomiga ko‘tarilgan. 1981 yili matbuot Ikkinchi jahon urushi yillarida Bordo politsiyasi rahbari vazifasida ishlagan M.Papon yahudiylarni o‘lim lagerlariga jo‘natish bilan shug‘ullanganini fosh qilgach, u chet elga qochib ketgan. 1998 yili vataniga qaytgach, ozodlikdan mahrum etilgan, ammo 2002 yili sog‘lig‘i yomonlashgani vajidan ozodlikka chiqarilgan.

Jamoatchilik faollari qatiomning tan olinishini olqishlagan holda, aybdorlar jazolanishi va rasman kechirim so‘ralishi lozimligini ta’kidlamoqda.

«Bu jinoyatni Paponning yolg‘iz o‘zi amalga oshirmagan. Parij markazida odamlarni kaltaklab o‘ldirishgan. Bundan yuqoridagilar to‘liq xabardor bo‘lgan», – deydi «Africa93» irqchilikka qarshi kurash tashkiloti vakili Mimuna Ajam.

Parij qatliomga boshchilik qilgan Moris Papon Ikkinchi jahon urushi yillarida ham jinoyat sodir etgan. Foto: BBC

Jazoir o‘lkasi 1830 yili Fransiya tomonidan bosib olingan. Jazoir xalqi  1954-1962 yillarda mustamlakachilarga qarshi omonsiz kurashlardan keyin mustaqillikni qo‘lga kiritgan. Fransiya parlamenti 1999 yildagina Jazoirdagi harbiy harakatlarni «urush» deya tan olgan. Unga qadar harbiy harakatlar «jamoat tartibini tiklash» istilohi bilan xaspo‘shlangan.

Jazoir ko‘pdan buyon Fransiyadan mustamlaka davridagi shafqatsizliklar uchun uzr so‘rashni talab qilib keladi. Masalan, 1849 yili mustamlakachilarga qarshi isyon ko‘targan 24 nafar ozodlik kurashchisi o‘ldirilgach, ularning jasadi fransuz askarlari tomonidan Parijga g‘alaba o‘ljasi sifatida olib ketilgan. Jazoir o‘z qahramonlarining jasadini 2020 yilga kelibgina vataniga qaytarish va dafn etishga muvaffaq bo‘ldi.  

Emmanyuel Makronning yaqinda bergan bayonoti esa o‘zi shundoq ham tarang munosabatlarni battar yomonlashtirdi. E.Makron Jazoir 1962 yili mustaqillikka erishgach, aksilfransuz ruhidagi davlat mafkurasi shakllantirilgani va mamlakat tarixi qayta yozilganini aytgan.

Jazoir prezidenti Abdulmajid Tabbun Fransiya rahbarining bu bayonotini keskin qoralab, Parijdagi elchini maslahatlashuv uchun chaqirib oldi. Shu bilan birga Jazoir o‘z hududidan fransuz harbiy samolyotlari uchishini ham taqiqlandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring