Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kreml haydovchilari maosh to‘liq berilmayotganidan shikoyat qilmoqda

Kreml haydovchilari maosh to‘liq berilmayotganidan shikoyat qilmoqda

Foto:«AA»

Kreml haydovchilari bir necha yildan beri maosh to‘liq berilmayotganidan shikoyat qilmoqda. Rossiya prezidenti ishlar boshqarmasi tizimidagi xodimlar huquqlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmasi bu borada Kreml ma’muriyati rahbari Anton Vaynoga shikoyat xati bilan murojaat qilgan.

Haydovchi Sergey Rekunov 2011-2019-yillarda 2-raqamli avtobazada faoliyat yuritgan. Ushbu avtobaza Davlat dumasi deputatlari, vazirliklar va Kreml mas’ul xodimlariga xizmat ko‘rsatadi. S.Rekunovga ko‘ra, u dam olish kunisiz ishlashiga to‘g‘ri kelgan, gohida mashinada tunashga ham majbur bo‘lgan. Ammo belgilangan ishdan tashqari yuklamalar uchun maosh to‘lanmagan. Rossiya Mehnat kodeksining 153-moddasiga ko‘ra, xodim bayram va dam olish kunlari ishga jalb etilgan taqdirda ish beruvchi ikki baravar miqdorda haq to‘lashi lozim.

S.Rekunov kabi huquqi buzilgan haydovchilarning ayrimlari sudga da’vo bilan murojaat qilgan va ularning ba’zilari kam miqdorda bo‘lsa ham tovon pul undirishga muvaffaq bo‘lgan.

Kreml avtobazalari haydovchilari, shuningdek, jarimalar hamda avtoturargoh to‘lovini o‘z yonidan to‘lashga majbur bo‘layotganidan norozi. Haydovchilarga ko‘ra, mas’ul lavozimdagi shaxslarni olib yurish payti qoidabuzarlik qilishga to‘g‘ri keladi. «VIP yo‘lovchilar» qoidani buzib bo‘lsa-da tezlikni oshirish va manzilga oshig‘ich yetkazishni talab qiladi. Shu bois jarimalar ham avtobaza hisobidan to‘lanishi kerak deb hisoblaydi ular.

Yana bir nizoli masala – yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan vaziyatda mas’uliyat va moliyaviy javobgarlik haydovchi zimmasiga yuklanadi. Avariyaga uchrab maoshini faqat zararni yopishga sarflab yurgan haydovchilar ham bor. Kreml avtobazalari haydovchilariga ko‘ra, davlat tasarrufidagi har bir transport vositasi to‘liq sug‘urtalanishi va YTH ro‘y bergan taqdirda zarar sug‘urta shirkati tomonidan qoplanishi kerak.

Mansabdorlarning tig‘iz kun tartibi, yo‘ldagi tirbandliklar, sovuq havo sabab yonilg‘ini me’yordan ko‘p ishlatish holati ham kuzatiladi. Qayd etilishicha, bunday holatlarda ham haydovchilar o‘z yonidan yonilg‘i olishga majbur bo‘lmoqda.

Kreml haydovchilari, bundan tashqari, avtoulovlarga sifatsiz yoki eski ehtiyot qismlar qo‘yilishidan shikoyat qilgan.

Rossiya prezidenti ma’muriyati nazoratidagi avtobazalarda 3000 dan ziyod haydovchi faoliyat yuritadi. Ular davlat rahbari devoni, parlament va vazirliklarning mas’ul xodimlariga xizmat ko‘rsatadi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring