Kubada rekord sovuq: orolliklar birinchi marta qirovni ko‘rishdi
Kuba tarixida birinchi marta havo harorati Selsiy bo‘yicha nul darajaga tushdi. Ushbu rekord mamlakat g‘arbidagi Matansas provinsiyasida qayd etilgani haqida Kuba milliy meteorologiya instituti xabar berdi.
Mahalliy vaqt bilan seshanba kuni soat 07:00 da termometr Selsiy bo‘yicha 0 darajani ko‘rsatgan. Bungacha «sovuq rekord» 1996-yil fevralida ro‘yxatga olingan, o‘shanda harorat 0,6 darajagacha pasaygan edi.

Meteorologlarning tushuntirishicha, bunday anomal sovuqqa Shimoliy Amerikadan kirib kelgan kuchli arktik havo oqimi sabab bo‘lgan. Juda quruq havo, ochiq osmon va shamolning yo‘qligi tufayli harorat keskin pasaygan. Matansasning ayrim hududlarida hatto ekinlar ustida qirov hosil bo‘lgan, bu tropik mamlakat uchun noyob hodisa hisoblanadi.
Meteorologiya instituti noodatiy sovuq harorat so‘nggi kunlarda butun mamlakat bo‘ylab kuzatilayotganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun: Kuba tropik iqlim zonasida joylashgan. Qishda havo harorati o‘rtacha 23–24 daraja, yozda 27–30 darajani tashkil etadi. Yillik o‘rtacha yog‘in miqdori tekisliklarda 1000–1200 mm atrofida bo‘ladi. Kuzatilgan bu yilgi sovuq nafaqat Kubada, balki Markaziy Amerika va Karib havzasining boshqa mamlakatlarida ham bir qator harorat rekordlarini yangiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter