Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna böliş ×

«Mamlakat janubida millatlararo ziddiyatlarni qo‘zg‘ash rejalashtirilyapti» – Sadir Japarov

«Mamlakat janubida millatlararo ziddiyatlarni qo‘zg‘ash rejalashtirilyapti» – Sadir Japarov

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat aholisiga murojaat qilib, saylovlar arafasida qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida millatlararo nizo keltirib chiqarishga urinishlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Japarovning aytishicha, unga ayrim siyosiy kuchlar mamlakat janubida millatlararo ziddiyatlarni qo‘zg‘atish, tartibsizliklar keltirib chiqarish va saylov jarayonini izdan chiqarishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar kelib tushgan.

Prezident hozircha bu rejalar faqat muhokama qilinayotganini, biroq ular amalga oshirilishi ehtimoli borligini ta’kidlagan.

U 1990 va 2010-yillardagi millatlararo to‘qnashuvlarni eslab, o‘sha fojialarda ko‘plab qirg‘iz va o‘zbek fuqarolari halok bo‘lganini qayd etgan.

«Qirg‘iz yoki o‘zbek bo‘lishingizdan qat’i nazar, hech qanday ig‘vogarona chaqiriqlarga berilmang va o‘zingizni nizoga tortishlariga yo‘l qo‘ymang», – degan Japarov.

Prezident, ayniqsa, keksa avlod vakillarini yoshlarga millatlararo to‘qnashuvlarning og‘ir oqibatlarini tushuntirishga chaqirgan.

Japarovning fikricha, ayrim siyosiy kuchlar Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi yakunlanishidan manfaatdor emas. U mamlakatdagi ehtimoliy beqarorlikni keltirib chiqarish rejalarini mazkur loyihaga qarshi harakatlar bilan bog‘lagan.

Shuningdek, davlat rahbari provokatsion chaqiriqlar va harakatlar haqida zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishni so‘ragan. U millatlararo adovat qo‘zg‘atishga uringan shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini bildirgan.

«Qirg‘izistonga va butun qirg‘izistonliklarga faqat tinchlik va barqarorlik kerak!» – deya ta’kidlagan prezident.

Japarov mamlakat taraqqiyoti uchun millatlararo totuvlik va birdamlikni saqlash muhimligini qayd etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting

Kiriş

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring