Markaziy Osiyo muzliklarini yo‘qotmoqda — tadqiqot
Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) tadqiqotiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda suv zaxiralari va muzliklar massasi kamaymoqda.
Tadqiqotchilar so‘nggi besh yildagi ko‘rsatkichlarni o‘rganib, ularni 1991–2020 yillardagi ma’lumotlar bilan taqqoslagan. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondagi suv omborlariga suv kelishi sezilarli darajada kamaygan.
Markaziy Osiyo daryo oqimi me’yordan past yoki sezilarli darajada past bo‘lgan dunyo mintaqalari qatoridan joy olgan.
Orol dengizi havzasidagi vaziyat ayniqsa murakkab, deya baholangan. Mazkur hududga Amudaryo va Sirdaryo kabi asosiy daryo tizimlari kiradi.
Olimlarni, ayniqsa, muzliklarning holati tashvishga solmoqda. Markaziy Osiyoning tog‘ muzliklari to‘playotganidan ko‘ra ko‘proq muz yo‘qotmoqda. Mintaqa kuzatuvlar tarixidagi eng katta yo‘qotishlar qayd etilgan dunyoning uchta hududi qatoriga kirgan.
Qayd etilishicha, 2023–2025 yillarda dunyo muzliklari umumiy 1 ming 400 gigatonnaga yaqin suvni yo‘qotgan. So‘nggi besh yil ichida tog‘ muzliklari dengiz sathidan yuqorida joylashgan muz massasining 6,2 foizini yo‘qotgan.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo daryo havzalaridagi suv oqimining yarmidan ko‘pi qor va muz hisobiga shakllanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter