Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

NATO davlati Rossiyadan xavotirda...

NATO davlati Rossiyadan xavotirda...

Illyustrativ foto

Ukrainaga qarshi urushda muvaffaqiyatga erisha olmayotgan Rossiya Federatsiyasi NATO davlatlariga nisbatan provokatsion harakat sodir etib, vaziyatni izdan chiqarishi mumkin. Bu haqda Polsha razvedka idorasi rahbari Pavel Shota ma’lum qildi.  

«Biz Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarni, jumladan, urush Rossiya uchun muvaffaqiyatsiz kechayotganini ko‘rib turibmiz. Bu esa Moskvaning yanada kengroq eskalatsiyaga qo‘l urishi mumkinligi borasida xavotir uyg‘otadi», —  deydi polkovnik Pavel Shota.

Polsha josuslik idorasi rahbarining fikricha, Rossiyaning Boltiqbo‘yi mamlakatlariga kichik miqyosdagi hujumi “yashil odamchalar”ning desant cifatida tashlanishi tarzida bo‘lishi mumkin. RF qurolli kuchlariga nisbatan ishlatiladigan ushbu ibora 2014-yilda Qrim anneksiyasidan keyin paydo bo‘lgan bo‘lib, u farqlovchi belgilari bo‘lmagan kiyimdagi Rossiya harbiy xizmatchilarini anglatadi.

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy ham bir necha kun avval Rossiya armiyasi tomonidan begona bayroq ostida operatsiya o‘tkazilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

«Biz (Rossiya prezidenti Vladimir) Putinga uning rejalaridan xabardor ekanimiz, uning tuzog‘iga tushmasligimiz, bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat ekani va NATO hududining har bir qarichini himoya qilishimizni yetkazishimiz kerak», — deb ta’kidlagan edi Polsha bosh diplomati CBS telekanaliga bergan intervyusida.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya va NATO o‘rtasidagi taranglik tobora kuchaymoqda.

Kreml Rossiyaning Shimoliy Atlantika alyansi davlatlariga hujum qilish niyati yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq NATOning bir qator davlatlari rasmiylari va razvedka xizmatlari Moskva hujumga hozirlik ko‘rayotganini aytmoqda.

2025-yil 12-16-sentyabr kunlari Rossiya Belarus bilan hamkorlikda “Zapad-2025” strategik harbiy o‘quvini tashkil etdi. Harbiy razvedka bo‘yicha tahlilchi Rebekka Kofflerning yozishicha, Rossiya armiyasi mazkur mashg‘ulotlarda taktik yadro qurolini ishga solishni ham mashq qildi. Jarayonga harbiy forma kiygan Putin boshchilik qildi.

Ta’kidlanishicha, Rossiya ham, G‘arb ham yadro urushini istamaydi, ammo tobora qaltis tus olayotgan vaziyat yadro urushi ehtimoli har qachongidan ham kuchliroq ekanidan dalolat beradi.

Putin harb maydonida Ukrainani mag‘lub etgudek bo‘lsa, NATOga qarshi urush ochadi, deb hisoblaydi xavfsizlik bo‘yicha Myunxen xalqaro konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen.

Oldinroq Amerikadagi Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) Boltiqbo‘yi mamlakatlari Kremlning Ukrainadan keyingi nishoni bo‘ladi degan taxminni ilgari surgan edi.

Avval xabar berganimizdek, Estoniya, Latviya va Litva Rossiya hujumi sodir bo‘lgan taqdirda aholini evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring