«Nega?» — Internetni larzaga solgan pingvin haqida
O‘tgan dam olish kunlari ijtimoiy tarmoqlar muzli tog‘lar tomon — muqarrar o‘lim sari yo‘l olgan yolg‘iz pingvin bilan «yashadi».
Foydalanuvchilar qochqin pingvinni nigilist deb atashdi va uzoqlashib borayotgan yolg‘iz qushning juda ko‘p videolarini joylashtirishdi. Bu «o‘lim marshi»ga g‘amgin musiqa va kadr ortidagi ovoz yanada dramatizm bag‘ishladi. Empatiyasi kuchli tomoshabinlarni esa javobsiz qolgan «But why?» («Lekin nega?») savoli butkul mahv etdi.
Pingvin-nigilist qayerdan paydo bo‘ldi?
Internetda virusdek tarqalgan pingvin haqidagi video — Verner Xersogning «Dunyoning chetidagi uchrashuvlar» nomli hujjatli filmidagi lavhadan olingan. Nemis rejissyori bu filmni qariyb 20 yil avval Discovery Channel’ning badiiy filmlar bo‘limi uchun suratga olgan.

Rejani amalga oshirish uchun Xersog Antarktikadagi Mak-Merdo stansiyasida yetti hafta yashashiga to‘g‘ri kelgan.
Qiziq fakt: Film 2009 yilda «Oskar» mukofotiga nomzod bo‘lgan, ammo mukofot oxir-oqibat boshqa filmiga nasib etgan.
Xersogning kartinasi oddiy pingvinlar haqidagi hujjatli filmlarga o‘xshamaydi. Kadrlarda rejissyor Mak-Merdoga turli sabablar bilan kelib qolgan odamlar bilan muloqot qiladi. Uning suhbatdoshlaridan biri ekolog Devid Eynli bo‘lgan. Rejissyor unga pingvinlar orasidagi «jinnilik» haqida kutilmagan savol beradi.
Eynlining tushuntirishicha, ba’zan pingvinlar makonda yo‘nalishni yo‘qotib qo‘yadi va okeandan uzoqlashib ketadi. Holbuki, okeanga yaqin bo‘lish ularning oziqlanishi uchun hayotiy ahamiyatga ega.
Ijtimoiy tarmoqlarni portlatgan sahnada aynan shunday pingvin ko‘rsatilgan: u tog‘lar tomon yurardi. Ekologning aytishicha, uni qaytarishga qilingan har qanday urinish befoyda bo‘lar edi. Hatto uni orqaga burishsa ham, baribir avvalgi yo‘liga qaytadi.
«Bir pingvin bor edi — o‘rtada turgani. U muzlik chetidagi ozuqa joyiga bormadi, koloniyaga ham qaytmadi. Ko‘p o‘tmay, uning tog‘lar tomon — taxminan 70 kilometr masofaga yo‘l olganini ko‘rdik. Doktor Eynli tushuntirdiki, hatto uni ushlab, koloniyaga qaytarsa ham, u yana tog‘larga qarab yuradi. Lekin nega?»
Pingvin-nigilist memi nimani anglatadi?
Pingvin haqida video joylashtira boshlagan foydalanuvchilar turli xil montajlardan, sun’iy intellektdan foydalanishdi, kutilmagan musiqalar, mashhur filmlardan eng qayg‘uli sahnalarni qo‘shishdi — xullas, bu umidsiz qushga qarash naqadar og‘ir ekanini ko‘rsatish uchun qo‘ldan kelganini qilishdi.
Pingvinni nigilist deb atashlarining sababi — u qoidalarga qarshi chiqib, koloniyani tark etadi, okeandan uzoqlashadi. Holbuki, aynan o‘sha yerda uni tirik qoldiradigan baliq bor. Odamlar pingvinni insonlashtirib, uning «alohida bir narsaga muhtoj» ekanini, o‘z yo‘lidan qo‘rqmay borganini tasavvur qilishdi.

O‘z yo‘lidan borishdan qo‘rqmaslik, hatto bu juda qimmatga tushsa ham — nigilist haqidagi ko‘plab rilslarning asosiy g‘oyasiga aylandi.
Ayrim foydalanuvchilar izohlarda o‘zlarini u bilan qiyoslab, uning his-tuyg‘ularini tushunishlarini va bu tanlovni qo‘llab-quvvatlashlarini yozishdi. Boshqalar esa ochlik va holsizlikdan nobud bo‘lgan qushga juda achinishdi. Shu bilan birga, motivatsion shiorlar ham paydo bo‘ldi: «Agar pingvin qila olgan bo‘lsa, sen ham qila olasan», «Taslim bo‘lma», «Pingvindek bo‘l».
«U shunchaki pingvin emas. Senda bitta hayot bor. Uni koloniyada qolib o‘tkazmoqchimisan? Yoki borib, boshqa biror ish bilan shug‘ullanmoqchimisan? Bu dunyoda ikki xil odam bor: tog‘larga ketadiganlar va koloniyada qolib, ovqatni tanlaydiganlar. Sen qaysi toifadasan? Men esa qaysi toifada ekanimni bilaman. Men hayotdan ko‘proq narsa olishni xohlayman», — deya yozgan blogerlardan biri.
Boshqa bir foydalanuvchi esa shunday degan:
«Bu pingvin nigilist emas, tushuninglar. U ekzistensial inqirozda. U hech narsaga ishonmaydi va hayotni absurd deb hisoblaydi. Men shunchaki aniqlik kiritmoqchi edim».
Albatta, trenddan Verner Xersogning o‘zi ham chetda qolmadi. U qariyb 20 yil avval Antarktikada suratga olingan pingvin hali ham shuncha odamlarning tasavvurini zabt etib kelayotganini kuzatish o‘ta qiziq ekanini tan oldi.

Shuningdek, rejissyor film yaratilishi bilan bog‘liq qiziq bir voqeani ham aytib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kadr ortidagi ovozni yozishda u «Yechilmagan sirlar» serialidan ilhomlangan.
«U yerda dahshatli ovoz bor edi. Masalan, u shunday derdi: “Stomatolog uyiga qaytib keldi — eshik ochiq, hamma joy qon. Va u tushundi: nimadir juda noto‘g‘ri. Keyin u oshxona polida xotinini topdi — u qonga belangan edi. Uni o‘ldirishgan. Albatta. Lekin nega?” Men aynan shu ovozdan foydalandim», — dedi Xersog.
Oq uy memlari: Tramp va pingvin
Qizig‘i shundaki, pingvinning ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurligi Oq uyni ham befarq qoldirmadi. AQSh ma’muriyatining rasmiy akkauntida Donald Tramp pingvin-nigilistni qanotidan ushlab, uzoqqa ketib borayotgani aks etgan mem joylashtirildi.

Ular Grenlandiya bo‘ylab yurib ketishardi. Biroq foydalanuvchilar rasm mualliflarini masxara qilishdi va yangi memlarga aylantirishdi. "AQSh hukumatidagilar bilishmasmikin, pingvinlar u orolda yashamaydi", deb izoh qoldirishdi.
Izohlar o‘chirib qo‘yilmadi, shu bois foydalanuvchilar sun’iy intellekt yordamida yaratilgan variantlarda Trampni, masalan, oq ayiqlardan qochib ketayotgan holda tasvirlab, hazil qilish imkoniga ham ega bo‘lishdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter