Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Netanyahu jazavaga tushdi – sabab ma’lum

Netanyahu jazavaga tushdi – sabab ma’lum

Foto: Getty Images

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu boshchiligidagi hukumat AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuvdan xavotirda. Axios nashri yahudiy davlati hukumatidagi manbalariga tayanib yozishicha, Netanyahu ma’muriyati mazkur bitim Eronning Livandagi ta’sirini legitimlashtirishi va Isroilni Livanda «Hizbulloh» harakatiga qarshi harbiy harakatlar olib borish erkinligidan mahrum qiladi deya tashvishlanmoqda

«Bu borada Bibi (Netanyahu nazarda tutilmoqda – tahr.) jazavaga tushdi», – degan Isroildagi manba Axios muxbiri bilan suhbatda. 

Qayd etilishicha, Livan bo‘yicha bitimning muayyan bir qismi Isroil bosh vazirini Eron yadro qurolidan ham ko‘ra qattiqroq xavotirga solyapti. Bunga asosiy sabablardan biri sifatida joriy yil oktyabr oyidagi saylov arafasida «Hizbulloh»ga qarshi amaliyot mamlakat ichki siyosatida katta rol o‘ynashi ko‘rsatilmoqda.

Joriy yil 21-iyun kuni Shveysariyada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda AQSh va Eron Livanda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlab qolish uchun ziddiyatlarni bartaraf etish mexanizmini yaratishga kelishib oldi.

Axios suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, bu kelishuv bosh vazir Binyamin Netanyahu va AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden o‘rtasida 2024-yilda erishilgan avvalgi bitimlarni yo‘qqa chiqaradi. O‘shanda Isroil «Hizbulloh» tomonidan kelayotgan ham muqarrar, ham endi paydo bo‘layotgan tahdidlarga javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolgan edi. Endilikda Isroilda xavfning oldini oluvchi zarbalar berish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Bundan tashqari, bu gal Tehrondan farqli o‘laroq, Tel-Aviv o‘t ochishni to‘xtatish rejimini monitoring qilish mexanizmining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokchisi emas.

AQSh va Eron vakillari imzolagan 14 ta banddan iborat memorandumning bir bandi Isroil va Livanga tegishli. Unga ko‘ra, Eron va AQSh, shuningdek, ularning ittifoqchilari barcha frontlarda, jumladan, Livanda harbiy harakatlar zudlik bilan va uzil-kesil to‘xtatilishini e’lon qilishi va Livanning hududiy yaxlitligi hamda suverenitetini ta’minlashi lozim. 

Eron va Livan masalasidagi farqli pozitsiya sabab so‘nggi vaqtlarda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida munosabatlar taranglashgan. Tramp harbiy harakatlarni to‘xtatishni ko‘zlayotgan bo‘lsa, Netanyahu qonli urushni yana davom ettirish niyatida.

Netanyahu AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuvga qaramasdan, Isroil armiyasi Livandagi hozirgi pozitsiyalarini saqlab qolishi, yahudiy davlati askarlari Livan hududidan chiqib ketmasligini aytmoqda.

Tel-Aviv hukumatining radikal qanotga mansub vazirlari ham Isroil davlati AQSh va Eron o‘rtasidagi bitim shartlarini bajarishga majbur emas deb hisoblaydi.

AQSh tomoni avvalroq Isroil va «Hizbulloh» harakati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini bildirgandi

Ammo ko‘p o‘tmay Livanda yangi to‘qnashuvlar va xunrezliklar ro‘y berdi

Livan sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, joriy yil 2 martdan buyon mamlakatda Isroil hujumlari oqibatida 4057 kishi, jumladan, shifokorlar, ayollar va bolalar halok bo‘lgan

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring