Livandagi sulh xavf ostida: Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopganini e’lon qildi
Livanda Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv kuchga kirganidan ko‘p o‘tmay yangi to‘qnashuvlar yuz berdi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning zarbalari oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘lgan.
Isroil harbiylari hujumlarni «Hizbulloh» tomonidan amalga oshirilgan hujumlarga javob sifatida izohlagan. «Hizbulloh» esa Isroilga Livan hududida erkin harakatlanish imkoni berilmasligini bildirib, kelishuvga sodiq qolishini, biroq har qanday tajovuzga javob qaytarishini ta’kidlagan.
Ayni paytda Eron Qurolli kuchlarining «Xotam al-Anbiyo» markaziy qo‘mondonligi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganini ma’lum qildi. Tehron bu qarorni AQSh tomonidan o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘yicha majburiyatlar bajarilmagani va Isroilning Livandagi harakatlari bilan izohlamoqda.
Eron tomoniga ko‘ra, bo‘g‘ozning yopilishi javob choralarining birinchi bosqichi hisoblanadi. Shu bilan birga, «tajovuzkor harakatlar» davom etsa, qo‘shimcha choralar ko‘rilishi haqida ham ogohlantirilgan.
Tahlilchilar fikricha, Livandagi barqaror sulh va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat AQSh hamda Eron o‘rtasidagi muzokaralarning kelgusi taqdiriga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hozircha muzokaralarning qachon davom ettirilishi aniq emas.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter