«O‘ldirilayotgan haqiqat». Turkiya Isroilga keskin ayblov qo‘ydi
Dunyo hamjamiyati G‘azoda nafaqat qurolli ziddiyat, balki haqiqat va yolg‘on o‘rtasidagi axboriy kurashga ham guvoh bo‘lmoqda. Bu haqda Turkiya prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun Istanbulda o‘tayotgan xalqaro anjumandagi nutqida gapirdi.
24-noyabr kuni boshlangan Xalqaro strategik kommunikatsiya sammitida (Stratcom Summit) O‘zbekiston vakillari ham qatnashmoqda.
«Isroil G‘azo sektorida 64 nafar OAV xodimini o‘ldirdi. Bu jarayonda Isroil fashistik propaganda usulini qo‘llagan holda jurnalistlar, tibbiyot xodimlari, ayollar va bolalar bilan birga haqiqatni ham o‘ldirmoqda», – dedi Faxriddin Altun.
Turkiya rasmiy mulozimiga ko‘ra, Isroil elitasi Falastinga qarshi g‘ayriqonuniy bosqinini xaspo‘shlash uchun ko‘p yillardan buyon G‘arb hamjamiyatida Islom dini borasida yanglish tasavvurni shakllantirishga urinmoqda.
Professor F.Altun ayni paytda G‘azoda davom etayotgan urushda ham yahudiy davlati falastinliklarni insoniylikdan mahrum qiyofada ko‘rsatishga urinayotganini keskin qoralagan. Bu borada G‘arbning yetakchi mediashirkatlari ham kolonial tafakkur ta’siridan qutula olmayotganiga e’tibor qaratgan.
«Biz pandemiya davrida tizimli dezinformatsiya siyosatining qanchalik halokatli oqibatlar keltirib chiqarishini juda aniq bir shaklda ko‘rdik. Butun dunyo Rossiya–Ukraina urushida ham shunday holatga guvoh bo‘lmoqda. 7-oktyabrdan beri jumlai jahon ko‘z o‘ngida ro‘y berayotgan G‘azo qirg‘inida tizimli dezinformatsiya siyosati haqiqatni qanday buzib ko‘rsatayotganini yanada aniqroq ko‘rayotirmiz», – dedi F.Altun.
Siyosatchi o‘z nutqida vasiylik urushlari, siyosiy va xalqaro huquq manipulyasiyasi, iqtisodiy bosim, kiberhujumlar, dezinformatsion muhorabalarni jiddiy tahdidlar sifatida qayd etgan.
Dezinformatsion kampaniyalar haqiqat inqiroziga olib kelayotganini urg‘ulagan F.Altun Turkiya zulm va shafqatsizlik qarshisida aslo tomoshabin bo‘lib turmasligini ta’kidlagan.
Anjuman davomida Falastin–Isroil ixtilofida G‘arb mamlakatlarining ikkiyoqlama standartlarni ma’qul ko‘rayotgani tanqid qilindi.
«Tarix Qur’oni karimga qilingan hujumlarni so‘z erkinligi deya talqin etgan bugungi Yevropaning Falastin bayrog‘iga va tinchlik chaqiriqlariga nisbatan qilayotgan murosasizligini unutmaydi», – dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan.
Turkiya Kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan uchinchi bor tashkil etilgan Stratcom sammitida nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, atoqli ekspertlar qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi – AOKA, Taraqqiyot strategiyasi markazi va O‘zJOKU rahbariyati ham qatnashmoqda.
Tadbir ishtirokchilariga BMTning global kommunikatsiyalar bo‘yicha bosh kotibi o‘rinbosari Melissa Fleming va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on videomurojaat yo‘llagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter