Oq uy hududida bunkersimon ballar zali quriladi
AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda qurilayotgan yangi bunkersimon ballar zali haqida tafsilotlarni ma’lum qildi. Uning aytishicha, binoning tom qismida dronlar bazasi, olti qavatli yerosti majmuasida esa harbiy shifoxona bo‘ladi, deb yozmoqda «Reuters».
Tramp jurnalistlar guruhini obyekt bo‘ylab ekskursiyaga olib chiqdi. U shu orqali AQSh Kongressi Oq uy xavfsizligini kuchaytirish uchun 1 mlrd dollar ajratishi kerakligini asoslash niyatida.
Demokratlar va ayrim respublikachilar bu so‘rovni ortiqcha dabdaba deb baholamoqda. Ular amerikaliklar benzin narxining keskin oshib ketishi va Eronga qarshi urush oqibatlaridan aziyat chekayotgan bir paytda bunday xarajatni ma’qullamasligini bildirmoqda.
Trampning ma’lum qilishicha, maydoni 90 ming kvadrat fut (8,3 ming kv.metr — tahr), bo‘lgan yangi ballar zali XVIII asr oxirida qurilgan Oq uy binosidan ancha katta bo‘lishi kutilmoqda.
Aytilishicha, zal 1000 kishilik yirik tadbirlar uchun zarur, chunki hozirgi Oq uy qabul xonalari buncha odamni sig‘dira olmaydi. Tramp Vashingtondagi mehmonxonalardan biridagi tadbirda unga nisbatan sodir etilgan suiqasdga urinishdan keyin bu g‘oyani faol ilgari sura boshlagan. Trampning fikricha, yangi zal ancha xavfsiz joy bo‘ladi.
Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumga bardosh bera oladigan mustahkam tomga ega bunkersimon inshoot bo‘ladi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, zalni o‘rab turadigan titan to‘siqlar shunchalik mustahkamki, «uni buldozer ham ag‘dara olmaydi». Shuningdek, tom qismi «o‘q o‘tmas po‘lat»dan quriladi.
Zal ostida olti qavat chuqurlikka tushuvchi yerosti majmuasi bo‘ladi. Hozirda uning ikki qavati qurilish bosqichida.
Yerosti majmuasida harbiy shifoxona va ilmiy tadqiqot obyektlari joylashadi. Biroq tadqiqotlar qaysi yo‘nalishda olib borilishiga aniqlik kiritilmagan.
Inshootning tom qismiga «cheksiz sondagi dronlar uchun mo‘ljallangan» dron bazasi o‘rnatiladi. Oynalar esa to‘rt dyuym (10 sm) qalinlikdagi maxsus shishadan tayyorlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter