Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senat Trampning harbiy vakolatlarini cheklashni qo‘llab-quvvatladi

Senat Trampning harbiy vakolatlarini cheklashni qo‘llab-quvvatladi

Foto: Reuters

AQSh Senati prezident Trampning harbiy harakatlar bo‘yicha vakolatlarini cheklashga qaratilgan rezolyusiyani ma’qulladi.

Reuters xabariga ko‘ra, hujjatga muvofiq, prezident har qanday yangi harbiy amaliyotni Kongress bilan kelishishi kerak bo‘ladi.

19-may kuni o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida 50 nafar senator tashabbusni qo‘llab-quvvatladi, 47 nafar senator qarshi ovoz berdi. Loyihani qo‘llab ovoz berganlar orasida asosan demokratlar va to‘rt nafar respublikachi senator bo‘ldi.

Tashabbus mualliflari AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakatni urushga jalb qilish vakolati prezidentga emas, balki Kongressga tegishli ekanini ta’kidlamoqda. Agar rezolyusiya keyingi bosqichlarda ham qabul qilinsa, Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirish uchun Kongress ruxsatini olishiga to‘g‘ri keladi.

Hujjat hali Senatdagi asosiy ovoz berishdan, shuningdek, respublikachilar nazoratidagi Vakolatchilar palatasidan ham o‘tishi kerak. Bundan tashqari, prezidentning ehtimoliy vetosini bekor qilish uchun har ikki palatada uchdan ikki qism ovoz talab etiladi.

Reuters qayd etishicha, respublikachilar bungacha shunga o‘xshash yettita tashabbusni Senatda to‘sib kelgan. Bu yilning o‘zida Vakolatchilar palatasida ham harbiy vakolatlarga oid uchta rezolyusiya qabul qilinmagan.

Senat ushbu masalani ilk bor 2025 yilda, AQShning Eron yadroviy obyektlariga zarba berishi ortidan muhokama qilgan edi. Navbatdagi ovoz berish esa 5-mart kuni, AQSh va Isroilning Eron bilan mojarosi kuchayganidan keyin o‘tkazildi.

1973-yilda qabul qilingan AQShning «Harbiy vakolatlar to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, prezident Kongress ruxsatisiz 60 kun davomida harbiy harakat olib borishi mumkin. Shundan so‘ng u yo amaliyotni to‘xtatishi, yoki Kongress tasdig‘ini olishi shart.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring