Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ozarbayjon–YeI: yangi bitim mintaqa energetika xaritasini butkul o‘zgartirishi kutilmoqda

Ozarbayjon–YeI: yangi bitim mintaqa energetika xaritasini butkul o‘zgartirishi kutilmoqda

Foto: President.az

18-iyul kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen energetika sohasida strategik hamkorlikka oid anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu hujjat Yevropa energetika xaritasini butkul o‘zgartirishi kutilmoqda.

«Bugungi memorandum kelajak uchun yo‘l xaritasi vazifasini o‘taydi. Kelgusi oylarda Ozarbayjon va YeI ikki tomonlama yangi bitim bo‘yicha ishlarni yakunlashiga umid qilamiz», – deydi Ozarbayjon rahbari I.Aliyev.

«YeI energiya manbalari borasida ishonchli hamkorlarga yuzlanmoqda. Ozarbayjon ulardan biridir. Bugungi hujjat Ozarbayjondan YeIga Janubiy koridor orqali gaz hajmini ikki baravarga oshirish imkonini beradi», – deydi Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen.

Ayni paytda Janubiy koridor orqali Yevropaga yiliga 8 milliard kubometr gaz yetkazib berilmoqda.  Yangi kelishuvga muvofiq, mahsulot importi 2027 yilda 20 milliard kubometrgacha oshadi. Bu ko‘rsatkichni keyingi yildayoq 12 milliard kubometrga chiqarish ko‘zda tutilgan.

Boku va Bryussel tomonidan tasdiqlangan yangi hujjatda yashil energiyaning muhim ekani, global isish va iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlarga ham e’tibor qaratilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini sabab Yevropa mamlakatlari gaz ta’minotida muammolar yuzaga kelishi xavfi ortmoqda. Shu sabab ko‘hna qit’a muqobil gaz ta’minoti yo‘llarini qidirmoqda. Bu borada esa Ozarbayjon maqbul variantlardan biri o‘laroq ko‘rilmoqda.

Joriy yil fevral oyida Yevropa Ittifoqining energetika bo‘yicha komissari Kadri Simson Ozarbayjondan gaz yetkazish berish miqdorini oshirishni so‘ragan edi.

Yevropa mintaqa davlatlari bilan hamkorlikda Rossiyaga qaramlikni kamaytirish maqsadida Janubiy gaz koridori loyihasini amalga oshirmoqda. Mazkur yirik loyiha Janubiy Kavkaz (SCP), Transanatoliya (TANAP) hamda Transadriatika (TAP) kabi uch yirik gaz yetkazish tizimini birlashtiradi. Ozarbayjondan Italiya qadar, 3500 kilometrga cho‘zilgan gaz quvurlari Yevropaning energetika xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

YeIning energetika bo‘yicha komissari Kadri Simson bu galgi tashrif davomida ham Rossiyadan boshqa gaz manbalarini topish muhim ekanini urg‘ulagan.

«So‘nggi oylarda YeI Rossiya va «Gazprom» energiya manbalarini yetkazishdan tovlamachilik yo‘lida foydalanayotgani, gazni barqaror yetkazish xavf ostida qolgani guvohi bo‘ldi. Sirasini aytganda, Rossiya YeI uchun shafqatsiz bosqinchi va energiya borasida ishonchsiz hamkor bo‘lib chiqdi. Shu sabab biz Rossiyani aylanib o‘tgan holda energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va Ozarbayjon kabi ishonchli xalqaro hamkorlar bilan muloqot qilishga urinmoqdamiz», – deydi Yevrokomissar.

Eslatib o‘tamiz, prezident I.Aliyev Ispaniya matbuotiga bergan intevyusida Ozarbayjonning tasdiqlangan tabiiy gaz zaxirasi 2,6 trillion kubometr ekani, bu esa ichki va tashqi ehtiyoj uchun kamida 100 yilga yetishini ma’lum qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring